Prezident saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan saylov okrugining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qayd etish lozimki, kuni kecha Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining navbatdagi sessiyalari o‘tib, ularda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalari tarkibiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risida” gi masala ko‘rib chiqildi, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sobitxon Turg‘unov raisligidagi okrug saylov komissiyasining bugungi yig‘ilishida yuqoridagi qarorlar va saylov uchastkalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan komissiya a’zolarining axborotlari tinglandi, ular tahlil etildi. Ta’kidlanganidek, Namangan viloyatidagi mavjud 832 ta uchastka saylov komissiyasi tarkibidagi 7 ming 412 nomzodning 3 ming 315 nafari erkaklar (44,7 foiz) va 4 ming 97 nafari ayollardan (55,3 foiz) iborat. Nomzodlarning 70 foizi oliy ma’lumotga, 27 foizi esa o‘rta-maxsus ma’lumotga ega. Shuningdek, nomzodlarning 6 ming 349 nafari, ya’ni 86 foizi avvalgi saylovlarda faol ishtirok etgan.
– Faoliyati bo‘yicha tahlil qilinsa, viloyatimiz hududlaridagi uchastka saylov komissiyalari nomzodlarining 3 ming 844 nafari xalq ta’limi tizimida, 68 nafari oliy ta’lim muassasalarida, 1 ming 641 nafari davlat idoralarida, 1 ming 84 nafari mahallalarda, 81 nafari esa nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlab kelgan. 1 ming 641 nafar nomzod esa boshqa davlat tashkilotlari xodimlarini tashkil qiladi, – deydi 6-Namangan saylov okrugi matbuot markazi mas’ul xodimi Sanjarbek Hamidov. – O‘z navbatida, nomzodlar siyosiy jarayonlar haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lib, ular huquqshunoslar, shifokorlar, muhandislar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar va boshqa soha xodimlari, xorijiy tillarni biladigan tajribali mutaxassislar hisoblanadi.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan 6-Namangan okrug saylov komissiyasining uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA