Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda turizm va sport istiqbollari qanday?
15:23 / 2022-01-28

Har bir davlatni dunyoga tanitishda sport hamda turizmning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Xo‘sh, o‘tgan 2021 yil Namangan viloyatida turizm va sport sohasida qanday natijalarga erishildi? Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi natijalardan ko‘ngil to‘ldimi? Kelgusida ushbu sohaning istiqbollari qanday?

O‘zA muxbiri Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon NURIDDDINOV bilan ayni mavzuda suhbatlashdi.

– Suhbatimiz avvalida namanganlik sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan natijalarga to‘xtalsangiz.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom  turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘rsida”gi qarori soha rivojida dasturilmal bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi Botirjon Nuridddinov. – Вилоятда jami 2 million 931 ming 100 nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, hozirda ommaviy sport bilan shug‘ullanuvchilar soni 724 ming 187 nafarni yoki boshqacha aytganda, aholi soniga nisbatan 24,9 foizni tashkil qilmoqda.

O‘tgan mavsumda sportchilarimiz tomonidan Respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalar, Osiyo hamda Jahon chempionatlarida jami 3 ming 371 ta, xususan 796 ta oltin, 884 ta kumush, 1 ming 691 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.

– “Tokio-2020” yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari bo‘ldi. Ushbu nufuzli sport anjumanlarda namanganliklarning ishtiroki, ularning qayd etgan ko‘rsatkichlaridan ko‘ngil to‘ldimi?

– Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarni muntazam qo‘llab-quvvatlash, ularning munosib ishtirokini ta’minlashga har hachongidan ko‘proq e’tibor qaratildi. Sportchi-yoshlarni belgilangan tartibda tetiklashtiruvchi vositalar bilan ta’minlash va xalqaro miqyosdagi musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi uchun 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi. Shu bilan bir qatorda, sport ta’lim muasassalari moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2021 yilning o‘zida viloyat hokimligi tomonidan 550 million so‘mlik sport jihoz va anjomlari bilan ta’minlandi. 

Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tkazilgan XXXII-yozgi Olimpiya hamda XVI-Paralimpiya o‘yinlariga Namangan viloyatidan jami 9 nafar sportchi (6 ta olimpiya, 2 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha) 13 ta litsenziyani qo‘lga kiritdi. 

XVI-Paralimpiya sport o‘yinlarida qatnashgan uch nafar vakilimiz – 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza, jami 4 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich, 2016 yili Rio-de Janeyro shahrida bo‘lgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlaridagi natijalarga solishtirilganda o‘sgan.

G‘olib-sovrindor sportchilarimizga Namangan shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylardan 2 ta xonadon, 8 ta avtomashina (1 ta “Malibu”, 4 ta “Jentra”, 2 ta “Neksiya 3” va 1 ta “Spark”) taqdim qilindi.

Kelgusida bu kabi yutuqlar ko‘lamini yanada oshirish maqsadida Namangan viloyati hududiy dasturi ishlab chiqildi. 

– O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishning muhim omillaridan biri bu jamiyatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ular shug‘ullanadigan sport maktablariga doimiy e’tibor qaratishdir. Shunday emasmi?

– To‘g‘ri. Viloyatimizdagi 800ga yaqin mahallalarda 19 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabi (BO‘SM), 4 ta ixtisoslashtirilgan BO‘SM, 1 ta Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar futbol maktabi, 1 ta futbol mahorati maktabi, 1 ta Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji, 1 ta Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyat yuritmoqda.

Sport maskanlarida 2 ming 65 ta sport to‘garagi tashkil etilib, ularda shug‘ullanish uchun 26 ming 200ga yaqin (shu jumladan, qizlar soni 5 ming 962 nafar) kishi qamrab olingan.

[gallery-5580]

Aholi o‘rtasida sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish maqsadida bir qator sport inshootlari, xususan sport maydonchalari, sun’iy qoplamali maydonchalar, yugurish va velosiped yo‘lakchalari, jismoniy mashqlar bajarish uchun trenajyorlar, yoshlar qiziqishlariga ko‘ra rolik va skeytlarda harakatlanishi uchun yo‘lakchalar barpo qilindi. 

Xususan, bu jarayonda yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilangan. Ayni shu maqsadda barcha mahallalarda jami 756 ta sport maydonchasi, jumladan, 655 ta “Workout”, 15 ta, 97.5 km masofaga ega “Salomatlik yo‘laklari” va “Velosport yo‘laklari”, 59 ta “Stritbol”, 17 ta mini-futbol va 10 ta “Badminton” maydonlari tashkil etildi.

Viloyatdagi barcha tashkilot va muassasalarda “sport targ‘ibotchisi” lavozimi ham joriy etilishi, barcha sport inshootlarida muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchilar sonini ortib borishiga zamin yaratdi. 

– Hududlarning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlariga ixtisoslashuvini belgilash va uni rivojlantirish haqida aytilgandi. Buning ijrosi qanday kechmoqda? 

– 2021 yil uchun tasdiqlangan rejaga ko‘ra, viloyatda Olimpiya, milliy va boshqa sport turlarini yanada rivojlantirish, uyushmagan mahalla yoshlarini sportga keng jalb etish, moddiy texnik bazani yanada mustahkamlash maqsadida har bir tuman (shahar)ga ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan sport turlari tanlab olindi.

Jumladan, Namangan shahriga suv sport turlari, yengil atletika, badiiy gimnastika, badminton; Namangan tumaniga karate VKF, Kosonsoyga gandbol, futbol, badminton, basketbol; Mingbuloq tumaniga yunon rum kurashi, futbol, o‘zbek jang san’ati; badminton, voleybol, basketbol; Noringa boks, badminton, gandbol, yunon-rum kurashi; Pop tumaniga dzyudo, boks, yunon rum kurashi; To‘raqo‘rg‘onga futbol, belbog‘li kurash, dzyudo; Uychiga erkin kurash, basketbol, badminton, voleybol; Uchqo‘rg‘onga gandbol, erkin kurash, chim ustida hokkey; Chortoq tumaniga basketbol, boks, futbol; Chustga boks, stol tennisi, taekvondo VTF; Yangiqo‘rg‘onga og‘ir atletika, voleybol, futbol sport turlari biriktirildi.

– Namanganda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, o‘z yechimini kutayotgan qanday muammolar bor? 

– Erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lib, mavjud muammolarni aslo nazarimizdan qochirmayapmiz. 

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 fevraldagi 90-sonli qaroriga asosan Namangan shahar 3-sonli, Kosonsoy tumanida 2-sonli, Namangan tumanida 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktablarini tashkil etish hisobiga qo‘shimcha ravishda 300 dan ortiq seksiya va guruhlar tashkil etilib, 300 mingdan ortiq sportchi yoshlarni muntazam shug‘ullanishi uchun jalb etish hamda 15 mingdan ziyod ommaviy sport tadbirlari va musobaqalari o‘tkazish orqali viloyat aholisining 30 foizini jismoniy tarbiya va sportga qamrab olish ko‘zda tutilgan. 

Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yirik investitsiya loyihalari hamda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bir qator loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Keyingi ikki yil mobaynida 34,4 milliard so‘mlik umumiy qiymati 28,9 milliard so‘mlik 5 ta sport inshooti qurilish hamda 5.5 mlrd so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ayni shular jumlasidan.

Namangan shahridagi Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining gimnastika zalida ayniqsa, kuz va qish mavsumlarida badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, trampolin, akrobatika sport turlari bo‘yicha sport mashg‘ulotlarini tashkil etishda qiyinchiliklar yuzaga keladi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun sport zalida mukammal ta’mirlash ishlarini olib borish zarur.

Shuningdek, Namangan shahridagi 2-sonli BO‘SMning “Zarbdor” va “Xamza” sport bazalaridagi sportning 11 ta turi bo‘yicha seksiya va bo‘limlarda 600 nafardan ortiq sportchi yosh shug‘ullanadi, biroq sport inshootlari bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi. Ushbu muassasa ham e’tiborga muhtoj.

Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari chim ustida xokkey, trampolin, og‘ir atletika, velosport, badminton, o‘q otish, taekvondo VTF, dzyudo, qilichbozlik, eshkak eshish, sport gimnastikasi, kamondan otish sport turlari bo‘yicha sport jihoz va anjomlariga bo‘lgan ehtiyoj mavjud. 

Davlatobod tumanidagi “Otchopar” bazasi hududidagi ko‘l bugungi kunda kasaba uyushmalari kengashi tasarrufida bo‘lib, unda 2000-2009 yillar davomida baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilgan. Mavjud bino va inshootlar esa ta’mirtalab holga kelib qolgan.

Davlatobod tumani hududida Namangan shahar Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar o‘smirlar sport maktabining filial bazalari - “Velotrek” faoliyat ko‘rsatadi. Mazkur filial bazasi o‘rnida yangitdan Davlatobod tumani 2-sonli BO‘SM tashkil etish kerak. 

Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji sportchilarini yozgi va qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini hamda musobaqa oldi tayyorgarliklarini olib borish uchun sport bazasi mavjud emas. Buning uchun Yangiqo‘rg‘on tumanining tog‘li hududidagi Nanay qishlog‘ida joylashgan sobiq iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji hozirda Namangan muhandislik-qurilish instituti balansiga o‘tkazilgan, Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji sportchilari yozgi va qishki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini, musobaqa oldi tayyorgarliklarini olib borish uchun bo‘sh turgan kollej binosini to‘liq kollej balansiga o‘tkazish choralarini ko‘rish lozim.

Viloyatimizda slalomda eshkak eshish sport turining mashg‘ulotlar muntazamligini amalga oshirish bo‘yicha sport bazasi mavjud emas. Shu bois, “Afsonalar vodiysi” bog‘ida Markaziy Osiyoda yagona, zamonaviy barcha qulayliklarga ega, xalqaro talablarga to‘la mos keluvchi slalomda eshkak eshish bazasini qurish ko‘zda tutilmoqda.

– Suhbatimizni turizm salohiyatini oshirish borasida qilingan ishlar sarhisobi bilan davom ettirsak.

– Viloyatda turizm salohiyatini rivojlantirish, turizm ob’ektlariga e’tibor qaratish, sayyohlar oqimini oshirish, turistlarga xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini oshirish natijasida o‘tgan 2021 yil davomida xorijiy davlatlardan 15 ming 100 nafardan ortiq turist tashrifi kuzatildi. Shuningdek, ichki sayyohlar soni 1 million 710 ming nafarni tashkil etdi. Sayyohlar uchun 24 ta mehmonxona, 6 ta xostel (1 ming 446 o‘rin), 233 ta oilaviy mehmon uyi (2 ming 330 o‘rin), 40 ta mikroavtobus va 2 ta gidrotsikl, 37 ta tur operator, 274 ta madaniy meros ob’ektida 6 ta gid-tarjimon tomonidan sayyohlik xizmatlari ko‘rsatildi.

Ta’kidlash joizki, 2020 yilda oilaviy mehmon uylarining soni 75 tani tashkil qilgan bo‘lsa, ularning soni 2021 yilda 158 taga yetkazildi.

Viloyatimizda 2021-2022 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan umumiy qiymati 203,7 milliard so‘mga teng 59 ta investitsiya loyihasi bo‘lib, shundan o‘z mablag‘i 165,7 milliard so‘m, bank krediti 19,9 milliard so‘m, xorijiy investitsiya 2,1 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 650 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. O‘tgan yilning o‘zida umumiy qiymati 100,8 milliard so‘m bo‘lgan 43 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Pirovardida 434 kishi ish bilan ta’minlandi.

Ziyorat turizmini yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida 2021-2023 yillar davomida yana 33 ta ziyorat ob’ektida rekonstruksiya, ta’mirlash, infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu maqsadlarga mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari jalb etiladi. 

O‘zbekistonimiz, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan o‘ziga xos turistik maskan – “Afsonalar vodiysi” tematik parkini viloyatning “chorlovchi nuqtasi” sifatida foydalanish orqali, Namanganga tashrif buyurgan mehmonlarni hudud bo‘ylab sayohatlarga jalb etish rejalashtirilgan.

Viloyatimizda tesktil korxonalarning mavjud salohiyatlaridan foydalangan holda, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Shopping” turizmini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.

Bu borada tekstil korxonalarida mavsumdan chiqqan mahsulotlarning omborda to‘planib qolinishining oldini olish maqsadida, mahsulotlarga turli chegirmalar joriy qilish va Respublika bo‘ylab oldindan targ‘ib qilish; boshqa viloyatlarning markaziy ko‘chalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Namanganga keluvchi avtotransport vositalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish; to‘y marosimlari uchun kelin va kuyov sarpolarini o‘zimizdan xarid qilishga chorlash, yoshlarda ishlab chiqarishga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantirish, “Fashion week” va sohaga oid master klasslar tashkil qilish orqali Namangan shahrini Osiyoning “Milan” shahriga aylantirish rejalari o‘rin olgan.

– Suhbatingiz uchun rahmat.

 

Oqilxon Dadaboyev suhbatlashdi.

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA