Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati start oldi
14:56 / 2021-09-21

Namanganda sportning suv polosi turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi.

Viloyat suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining zamonaviy suv havzasida start olgan mazkur musobaqada Namangan, Farg‘ona, Toshkent va Xorazm viloyatlari hamda poytaxtimizdan kelgan 14 ta jamoa g‘oliblik uchun bahslarga kirishdi.

Musobaqaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh mutaxassisi Ziyodulla Hasanov, Namangan viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvarjon To‘ychiyev, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) suv polosi texnik qo‘mitasi a’zosi, Suv polosi bo‘yicha Yevropa ligasi mas’ul vakili, Rossiya suv polo federatsiyasi vitse-prezidenti, Olimpiya o‘yinlari chempioni Yevgeniy Sharonov so‘zga chiqib chempionat ishtirokchilariga omad tiladi.

Bahslar oldidan mamlakatimizda suv sporti turlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mahoratli mutaxassis, suv polosi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa bosh murabbiyi, Namangan viloyati suv sportiga ixtisoslashtirilgan BO‘SM direktori bo‘lib ishlagan Ravil Vishnyakov xotirasiga bir daqiqa sukut saqlandi.

[gallery-3974]

Musobaqaning dastlabki kuni qizg‘in tarzda boshlanib, unda bir qator kutilmagan natijalar qayd etildi. Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Toshkent shahri jamoasi xorazmlik sportchilarni 29:1 hisobida mag‘lub etdi. Namangan viloyati suv sportiga ixtisoslashtirilgan BO‘SM vakillari Namangan shahri jamoasidan 22:1 hisobida ustun keldi. Namangan viloyati terma jamoasi esa Respublika suv polosi federatsiyasi jamoasini 16:3 hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi. E’tiborlisi, ushbu jamoalarning erkaklar ishtirokidagi bahsida ham mezbonlar katta ustunlikka erishib, 16:0 hisobida zafar quchdi. Respublika Oliy sport mahorat maktabi jamoasi farg‘onalik vaterpolchilarni 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Namangan viloyati suv sportiga ixtisoslashtirilgan BO‘SM va Toshkent shahri jamoalari bahsida esa 16:7 hisobi qayd etildi.

– Mazkur musobaqa bahona O‘zbekistonga tashrif buyurishimizning o‘ziga xos sabablari bor. Sobiq ittifoq davridayoq suv sporti turlari rivojiga “Mehnat Toshkent” jamoasining ulkan yutuqlari orqali tamal toshi qo‘yilgan mamlakatingizda bugungi kunda sportning nozik turlariga nafaqat poytaxt, balki boshqa hududlarda ham sharoitlar bilan tanishish, qolaversa, federatsiyalar, murabbiylar va hakamlar, shuningdek, sportchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish asosiy maqsadimizdir, – deydi Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) suv polosi texnik qo‘mitasi a’zosi Yevgeniy Sharonov. – O‘zbekiston chempionati o‘yinlarini kuzatish bilan birga namanganlik sportchilar va murabbiylar ishtirokida seminar o‘tkazib, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ochig‘i, mahobatli suzish majmualari nafaqat Toshkentda, balki Namangan misolida mamlakatingizning chekka hududlarini ham qamrab olingani e’tiborimizni tortdi.

Eslatib o‘tamiz, suv polosi bo‘yicha mamlakat chempionati bellashuvlari shu yilning 25 sentyabriga qadar davom etadi.

 

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA