Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish ustuvor vazifalardan biridir.
Bu Namangan viloyati sudi tomonidan viloyatdagi sudlarning 2022 yil birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ta’kidlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman, shahar sudlarida odil sudlovni amalga oshirish, yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Hisobot davrida 3 ming 184 shaxsga nisbatan 2 ming 364 ta jinoiy ish ko‘rilib, shundan 2 ming 454 nafariga nisbatan 1 ming 700 ta ayblov hukmi chiqarilgan. 708 kishiga nisbatan 650 ta jinoyat ishi harakatdan tugatilgan. 10 nafar fuqaroga nisbatan to‘qqizta jinoiy ish tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llash bilan yakunlanib, to‘qqiz nafariga nisbatan to‘rtta ish dastlabki tergov organiga qaytarildi.
Joriy yilning birinchi yarmi davomida hukm chiqarilib yakunlangan ishlarning aksariyati qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda tan jarohat yetkazish talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, tarnsport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, firibgarlik, bezorilik jinoyatlari uchun sudlanganlarni tashkil etgan.
Viloyatda o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlar 171,1 foiz, talonchilik 94,7 foiz, firibgarlik 62,3 foiz, harakat xavfsizligi qoidalarini buzish 27,8 foiz, giyohvandlik 25 foiz, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 21,3 foiz, o‘g‘rilik 21 foiz, poraxo‘rlik 4,8 foizga ortdi.
Aytib o‘tilganidek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi 18 ming 359 ta ishning 4 ming 676 tasi sayyor sudlarda ko‘rib chiqildi. Ma’muriy jazo qo‘llanilganlarning 85,5 foiziga jarima, 14,2 foiziga ma’muriy qamoq, ikki foiziga maxsus huquqdan mahrum qilish hamda bir nafariga O‘zbekiston hududidan ma’muriy chiqarib yuborish jazosi qo‘llanildi.
Qolaversa, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish maqsadida tegishli tashkilot hamda mansabdor shaxslarga 597 ta taqdimnoma chiqarildi. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha chiqarilgan qaror ustidan shikoyat bergan 757 kishining iltimosnomasi qanoatlantirildi.
Viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo sudlar tomonidan hisobot davrida 39 ming 892 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, shundan 8 ming 188 ta ariza bo‘yicha sud buyruqlari chiqarilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalarning ish sifati bo‘yicha ham Respublika miqyosida eng yuqori o‘rinni egalladi.
- Sudyalarimiz tomonidan mahallalarda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishtirokida muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazilgani va ularga zarur huquqiy yordamlar ko‘rsatilgani natijasida oilaviy nizolarga oid hal etishga qaratilgan ishlar soni ortdi, - deydi viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Alisher Qo‘chqorov. - “Mening mahallam – mening sudyam” tamoyili asosida sudyalar viloyatdagi mavjud mahallalardagi fuqarolarga tegishli huquqiy yordam berish uchun biriktirilgan. Demak, buning natijasida oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirishda sudyalarning faolligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Taassufki, sudlarning hal qiluv qarorlari asosida nikohdan ajratish belgilangan ishlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 280 taga ko‘paygan. Sudning ish yurituvida hal etilgan ishlar, sudyalar va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari bilan hamkorlikda olib borgan harakatlar natijasida 145 ta oilani yarashtirishga erishildi.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan korxona, muassasa, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyot sohasida qonunchilikni mustahkamlash, xususan, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan 8 ming 585 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi.

Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 216 taga yoki 59,9 foizga ko‘paygan.
Joriy yilning o‘tgan davrida iqtisodiy sudlarga vakolatli idoralar tomonidan tadbikorlik sub’ektlari manfaatini ko‘zlangan holda 2 ming 475 ta da’vo arizasi kiritildi.
Viloyat sudlari oldida ayni kezda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar ham yo‘q emas. Har bir sudyaning bir oydagi ish hajmi 52 tani tashkil qildi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,1 taga ortgan. bugungi kunda shahar va tumanlarda jami 22 nafar sudya faoliyat yuritayotganini hisobga olsak, ish hajmi nechog‘li tig‘izlashib, oshib ketganligi ayon bo‘ladi. Demak, sudlarning ish hajmini yengillatish borasida yechimini kutayotgan ushbu masalaga Oliy Sud tomonidan alohida e’tibor qaratish darkor. Ya’ni, Namangan viloyati sud tizimida sudyalik lavozimi uchun qo‘shimcha shtat birliklari joriy etish zarurati bor.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA