Mamlakatimizda sport sohasida erishilgan natijalar va xalqaro musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida joriy yilning 22 yanvarida Prezidentga taqdimot chog‘ida hudulardagi mavjud sport infratuzilmasini yanada yaxshilash masalalari xususida so‘z yuritilgandi.
Davlat rahbarining topshirig‘i asosida ayni kunlarda Sport vazirligi va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari hududlarda sohadagi o‘zgarishlar va muammolarni o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov yetakchiligidagi ishchi guruh mutaxassislari Namangan viloyatidagi mavjud sport inshootlari bilan tanishish asnosida murabbiy va sportchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Viloyatning Pop, Kosonsoy va Yangiqo‘g‘on tumanlarining chekka hududlaridagi sport maktablaridagi holat bilan tanishildi. Yosh sportchilarning shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar, sport bo‘limlarining faoliyati va mashg‘ulotlar jadvali, maktablarning moddiy-texnik bazasi o‘rganildi. Namangan shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda velotrek bazasining ish faoliyati ham mutaxassislar e’tiboridan chetda qolmadi.
Sportchilar, ularning ota-onalari, murabbiylar bilan muloqotlar chog‘ida ularni qiynab kelayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlarga aniq vazifalar qo‘yildi.
Mutaxassislar viloyatdagi har bir sport majmuasining imkoniyati, yangi qurilayotgan sport inshootlari holati, hududlarda yoshlarni sport mashg‘ulotlari bilan qamrab olish mundarijasi tahlil etildi. Aholi o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish, mahoratli sportchi yoshlarni tanlashda samaradorlikka erishish yuzasidan zarur tavsiyalar bildirildi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA muxbiri