Namanganda boshlangan, 64-Xalqaro “Gullar festivali” doirasida ilmiy-amaliy anjumanlar, ko‘ngilochar tadbirlar va yirik sport musobaqalari ham tashkil etilmoqda.
Xususan, mamlakatimizning barcha hududlari hamda Turkmaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan 300 ga yaqin shaxmatchilar “Namangan chess festival” xalqaro turnirida kuch sinashmoqda.
Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – Yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasida 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar shaxmatning klassik yo‘nalishda aqliy salohiyatini namoyon etmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida ilk marotaba uyushtirilgan mazkur musobaqa, “Open A” guruhda 1800 va undan yuqori “FIDE” reytingiga ega bo‘lgan shaxmatchilar, “Open B” guruhda esa 1999 va undan past reyting ball jamg‘argan, shuningdek, tasnifga kirmagan shaxmatchilar bellashmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 350 million so‘mga teng ushbu xalqaro turnir “shveysar” tizimida 9 turda o‘tkazilib, har bir ishtirokchiga o‘yin ohiriga qadar 90 daqiqa vaqt va birinchi yurishdan boshlab 30 soniyadan vaqt qo‘shib borilmoqda.
Musobaqa ishtirokchilariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda Saparmurat Atabayev (Turkmaniston), Vugar Rasulov (Ozarbayjon) Azamat Utegaliyev (Qozog‘iston) kabi xalqaro grossmeysterlar hamda “FIDE” bayrog‘i ostida Sergey Volkov va Arseniy Shturman singari xorijlik yetakchi shaxmat ustalari borligi raqobatni yanada oshiradi.

Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro toifadagi sport ustalari – Muhammadzohid Suyarov, Muhammadali Abdurahmonov, “FIDE” sport ustalari – Asrorjon Omonov va Davron Sharipov g‘oliblik uchun bahslashayotgani diqqatga molik.

Musobaqaning tantanali ochilishida Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Boburjon Sattor mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida sportning shaxmat-shashka turiga qiziqish tobora ortib borayotgani va bu boradagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi.

G‘olib va sovrindorlar 5 iyun kuni aniqlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA