Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda belgilab berilgan vazifalari ijrosini ta’minlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, saralash (seleksiya) hamda ularni professional shaxmatga jalb qilish maqsadida Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan “Shaxmat klubi” ochildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, aholi o‘rtasida shaxmatni keng targ‘ib qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlod orasida yuqori iqtidorga ega bo‘lganlarni saralab olish va ularni professional shaxmatchi-xalqaro grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, shaxmat maktabini shakllantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu aqliy sport turini rivojlantirish, ommalashtirish maqsadida so‘ngi yillarda Prezident qarorlari qabul qilinib, tegishi vazifalar belgilandi. Shu yilning avgust oyida Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston shaxmat maktabining "Oltin avlodi" tarixiy g‘alabaga erishganligi ko‘pchilik shaxmat ixlosmandlarini quvontirdi.

Joriy yil aprel-iyun oylarida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqalarida 35 ming nafarga yaqin viloyat o‘g‘il-qizlari qatnashgan bo‘lsa, tashabbusning ikkinchi mavsumi doirasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqasi mahalla bosqichiga 32 ming nafar yosh qamrab olindi.

– “Shaxmat klubi”da ertamiz egalarining shaxmat bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, haftaning har shanba kuni 7 yoshdan 70 yoshgacha aholi o‘rtasida “Rokirovka” musobaqasini tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i, viloyat shaxmat federatsiyasi raisi Baxtiyor Mirzatov.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA