Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqariladi
15:10 / 2020-07-22

Chust tumani hududida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishildi.


Chust tumani hududida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida Xitoyning Shangan brendi ostida kichik yuk avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga kirishildi.

Prezidentimizning 2018-yil 20-avgustdagi farmoniga muvofiq tashkil etilgan va 681 gektar maydonni egallagan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida ayni paytda umumiy qiymati 601 million dollarlik 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan ikkitasi — “Chust tekstil” va “Ifoda agrokimyohimoya” korxonalari allaqachon oʻz faoliyatini boshlagan.

Xitoyning Shangan brendiga mansub kichik yuk avtomobillarini ishlab chiqarish “Xorijdagi vatandoshlar” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Loyihaga soʻnggi oʻn yil davomida Birlashgan Arab amirliklarining Ajman shahrida istiqomat qilib kelayotgan asli namanganlik tadbirkor Jobirxon Homidov tomonidan 800 ming dollar, boshqa xorijiy investorlar tomonidan 2 million dollar hamda 3 million dollar bank krediti boʻlib, jami 5,8 million dollar miqdorida investitsiya jalb etiladi.

1.JPG

6.JPG

Namangan Shangan Motors MCHJ tomonidan loyihaning birinchi bosqichida yiliga 1 ming 800 ta 1-1,5 tonna yuk koʻtaradigan toʻrt rusumdagi avtomobillar ishlab chiqariladi va 120 kishi ish bilan taʼminlanadi. Keyingi uch yil davomida mahalliylashtirishni 50 foizgacha yetkazish va mahsulotning uchdan bir qismini BAA hamda Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilgan.

Tadbirkorning hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning oʻzida yiliga 20 mingtagacha shunday rusumdagi avtomobillarga ehtiyoj bor. Yaqin va uzoq xorij bozorlari inobatga olinadigan boʻlsa, ishlab chiqarish koʻlamini yana-da kengaytirish imkoniyatlarini chamalash mumkin boʻladi.

-Avtomobilsozlik sanoati mashinasozlik sanoatining yetakchi tarmoqlaridan biri sanaladi. U nafaqat mamlakat iqtisodiyotining oʻsishiga, balki mashinasozlik sohasiga qaysidir darajada daxldor boʻlgan boshqa xoʻjalik tarmoqlarining rivojiga hamda ilmiy-texnik rivojlanish yoʻnalishlari taraqqiyotida ham muhim oʻrin tutadi, - dedi loyihaning taqdimot marosimida soʻzga chiqqan viloyat hokimi H.Bozorov. -Namangan Shangan Motors tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga hozirning oʻzida talab va xaridorlar yetarli ekanligi loyihaning istiqbolidan dalolat berib turibdi. Kelgusida bu yerda ehtiyot qismlar tayyorlanadigan boshqa korxonalar ham barpo etilib, yaxlit avtomobilsozlik majmuasi vujudga keladi.

Korxona ilk mahsulotini 2021-yilning birinchi choragida ishlab chiqara boshlaydi.