Mamlakatimizda yosh avlodni professional kasb-hunarga yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tirof etish joiz, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi joriy yilning aprel oyida xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida Rossiya Federatsiyasiga xizmat safari davomida Moskva shahrida “Sinergiya” universitetida ham bo‘lgan edi.

Tashrif chog‘ida “Sinergiya” universiteti o‘rtasida Namangan shahrida yangi, raqamli kasblar texnikumini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mazkur hamkorlik doirasida To‘raqo‘rg‘on agrosanoat texnikumi va Rossiyaning “Sinergiya” raqamli kasb-hunar texnikumi o‘rtasida ikkita diplom dasturi asosida kelishuv imzolandi. Ushbu harakatlarning amaldagi natijasi sifatida Namangan shahrida “Sinergiya” raqamli kasblar texnikumi ochildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov o‘rta-maxsus ta’lim yo‘nalishidagi yangi loyihani hayotga tatbiq etilishi bilan barchani tabrikladi. Yangi ilm maskani yoshlar zamonaviy axborot kommunikatsiya kasblarini o‘rganishda bu imkoniyatlardan samarali foydalanishlari zarurligini ta’kidladi. Shundan so‘ng ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar yangi texnikumdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.


Jarayon bevosita “Zoom” platformasi orqali Rossiya poytaxtidagi “Sinergiya” universitetiga ulandi. Ta’kidlash darkor, “Sinergiya” universiteti tomonidan Namangan shahridagi “IT-School” maktabi negizida bolalar uchun qo‘shimcha “Synergy Hub Junior” ta’lim markazi ham tashkil etilib, unda bolalarga ishbilarmonlik o‘yinlari va mahorat darslari orqali raqamli kasblar bilan tanishish imkoniyati yaratilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA