Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ma’rufxon Xo‘jayev ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzidagi tadbirda jamiyat mutasaddilari, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimlari va Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuvda o‘g‘il-qizlarning kasbiy rivoji, bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yosh mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta tayyorlash, ishlab chiqarish jarayonlariga faol jalb etish hamda ularning g‘oya va innovatsion takliflarini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Muloqotda, yangi ish o‘rinlari yaratish, stajirovka va amaliyot dasturlarini kengaytirish, rahbarlar tomonidan “Ustoz-shogird” an’anasini yo‘lga qo‘yish masalalari ham alohida qayd etildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita “Hududgazta’minot” jamiyati rahbaridan to‘liq javob oldi.

Uchrashuv doirasida “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati hamda “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasi mutasaddilari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv asosida yosh avlod o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, uchrashuvlarni doimiy o‘tkazish, ijodiy muloqotlar, kitob taqdimotlari va turli ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish va kelajakda sohadagi faol ishtirokini ta’minlashda muhim qadam bo‘lgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvining ikkinchi bosqichi Yangi Namangan tumanidagi Guliston mahallasida o‘tkazildi.

Dastavval, ushbu mahallada amalga oshirilgan innovatsion loyiha, ya’ni “Mahalla-iste’mol-nazorat hisob balansi” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ul xodimi Dilshodbek Ochilov tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarga sohada bo‘layotgan jarayonlar va unda yoshlarning o‘rni haqida fikr yuritdi.

Ta’kidlash joiz, “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi gaz tarmoqlari yagona tarmoqqa o‘tkazilib, tartibga keltirildi. Gaz quvurlari esa zamonaviy talablarga mos holda bo‘yoqlandi. Bundan tashqari, hududda ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimi joriy etildi. Shuningdek, mahalla iste’molchilarida tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida, 4,5 kilometrlik gaz tarmog‘i yangilandi. Jamiyat tomonidan 622 xonadonning har biriga gaz hisoblagich o‘rnatilib, ular maxsus himoya qutilari bilan jihozlandi.
Bunday qizg‘in va amaliy ruhdagi muloqotlar yoshlarning gaz ta’minoti sohasiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.