English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Qozog‘iston investitsiyasi ishtirokida zamonaviy avtoturargoh barpo etiladi
15:59 / 2021-03-03

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov qozog‘istonlik investorlar – “Kruz-invest” xorijiy korxonasi ta’sischisi Igor Veselovskiy, “Almatы spets-tex-parking servis” kompaniyasi direktori Marat Prinbekov va kompaniya aksiyadori Murat Boranbayev bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalari xususida so‘z bordi.

Namangan shahrida “Kruz-invest” xorijiy korxonasi tomonidan umumiy qiymati 4 million 200 ming AQSH dollariga teng zamonaviy avtomobillarni yuvish shoxobchasi hamda avtomatlashtirilgan avtoturargoh tashkil etish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirda mazkur loyihaning birinchi amaliy tasdig‘i sifatida – Namangan shahrining Davlatobod tumani hududida avtomobillarni yuvish shoxobchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga ishga tushirilgan.

Investorlar bilan muloqotda Namangan viloyati hududlarida avtomatlashtirilgan avtoturargoh tashkil etish loyihasi istiqbollari muhokama qilindi. Bu borada Qozog‘istonning Olma ota shahri tajribasiga oid videorolik namoyish etildi. “Almatы spets-tex-parking servis” kompaniyasi 12 ming mashina o‘rniga ega zamonaviy avtomatlashtirilgan avtoturargohlarga ega bo‘lib, ularda to‘lovni nafaqat naqd pul yoki bank kartasi, balki mobil ilova va sms orqali ham amalga oshirish imkoni mavjud.  

Viloyat rahbari ushbu loyiha aholi soni jihatidan O‘zbekistonda poytaxt Toshkentdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi va yo‘llarda tirbandliklar odatiy holga aylangan Namangan shahri uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Mehmonlarga viloyat markazi transport infrastrukturasini o‘rganish va shundan so‘ng loyihani amalga oshirish yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishni taklif qildi.

 

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA