French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda qidiruvdagi 17 jinoyatchi ushlandi
14:03 / 2023-12-05

Dono xalqimizda “Shahar bedarvoza emas”, degan naql bejiz aytilmagan. Jinoyatchilikka chek qo‘yish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar xavfsizligi va hududlar osoyishtaligini ta’minlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bugungi kunda huquqni muhofaza qilish organlari oldida turgan dolzarb vazifadir.

Ayni shu maqsadda mamlakatimiz poytaxti va barcha viloyatlarda “Dolzarb 40 kun” tadbiri doirasida tezkor profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Namanganda ham Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida “Xavfsiz hudud” reydlari o‘tkazildi. Mazkur “tozalash” ishlarida asosiy e’tibor viloyat hududida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari va ashaddiy retsidivist jinoyatchilarni aniqlash hamda ularni qo‘lga olishga qaratilmoqda.  

Jumladan, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 13 nafar shaxs giyohvandlik, noqonuniy qurol saqlash kabi jinoiy harakatlari uchun qamoqqa olingan bo‘lsa, 47 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy qamoq chorasi qo‘llanildi. Tergov va sud organlaridan yashirinib qidiruvda yurgan 17 nafar jinoyatchi ushlandi va ularga nisbatan qonun ustuvorligi tatbiq etiladi. Shuningdek, muqaddam bir necha marta Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sudlangan, biroq probatsiya hisobida turgan bo‘lishiga qaramasdan kriminogen vaziyatga yomon ta’sir qilgani holda, o‘zbilarmonlik ko‘rsatib “ko‘cha yechimlari”ni hal etishda qatnashib kelayotgan sakkiz kishining jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.  

Bundan tashqari, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazilib, jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanmoqda. Noqonuniy qurol-yarog‘ saqlaganlik uchun uch nafar shaxs qo‘lga olinib, ulardan 1 dona ov quroli, 2 dona pnevmatik qurol va 9 dona patron, 180 ta gilza olindi. Qolaversa, tadbirlar chog‘ida 589,48 gramm miqdoridagi “marixuana”, “gashish” va “ko‘knori” giyohvandlik vositalari, 1 ming 775 dona turli xildagi dori vositalari, 37 dona pichoq, sakkiz dona kastet va yetti dona bita kabi xavfli buyumlar topildi. 16 ming 500 dan ortiq turli xildagi pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritilishi holatlariga chek qo‘yildi. Umuman olganda, tezkor “reyd” lar davomida jami 81 nafar shaxsga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi.  

Viloyat IIB fuqarolardan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida xavfsizlik qoidalariga rioya etishni va xavotirga berilmaslikni so‘raydi.  

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA muxbiri