Majburiy ijro byurosi Yangi Namangan tuman bo‘limi aliment bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda tizimli ishlar amalga oshirmoqda.
Bo‘lim tomonidan o‘tgan yilning dekabr va joriy yil yanvar oyida 77 ta oila yarashtirilgan. Yarashtiruvlar sonining ortayotgani boisi tumanda targ‘ibot tadbirlarining izchil yo‘lga qo‘yilgan.
Masalan, tumandagi «Bunyodkor» mahallasida ham navbatdagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. E’tiborli jihati yarmarkaga ish bilan band bo‘lmagan aliment to‘lovchilar taklif etilgan. Shuningdek, 23 korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi 200 ga yaqin ish o‘rinlari bilan yarmarkada ishtirok etdi. Tadbirda 25 nafardan ortiq ishsiz aliment to‘lovchilar korxona va tashkilotlardagi vakant o‘rinlar, yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi. 10 ga yaqin fuqaro o‘ziga maqbul bo‘lgan korxonaga ish uchun yo‘llanma oldi. Qolaversa, tadbirda olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng Q.Rahmatullayev va M.Jo‘rayevalarning oilasi ham tiklangan.
Maftuna KARIMOVA,O‘zA