English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda “Prezident archasi” shodiyonasi
09:19 / 2025-12-26

Bolalikning shodlik va quvonchlari, beg‘ubor damlarning unutilmas taassurotlarini o‘zida mujassam etuvchi Yangi yil chindan ham jajjilarga o‘zgacha shukuh va zavq ulashadi. Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar doimiy qo‘llab-quvvatlab kelinayotgani ham bejiz emas.

Namangan viloyati musiqali drama teatri binosida an’anaga muvofiq “Prezident archasi” bayram tadbirida ham ertamiz egalariga bo‘lgan beqiyos g‘amxo‘rlik o‘z ifodasini topdi. Unga oilaviy bolalar uylari, ota-onadan qarovisiz qolgan chin yetim bolalar, Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari, shuningdek, “Ijtimoiy himoya” reyestrida turgan moddiy yordamga ehtiyojmand oilalarning dilbandlari taklif etildi.

Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan muborakbod etib, ezgu tilaklarini bildirdi. Davlat va jamoatchilik vakillari ishtirokida 16 yoshgacha bo‘lgan 400 nafar o‘g‘il-qizning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.

– Otam Abdurashid Umrzoqov Milliy gvardiya safida fidoyilik bilan xizmat qilgan. Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida burchlarini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan. Vatanimiz, xalqimiz uchun jonini fido qilgan otamiz bilan faxrlanamiz, – deydi Uchqo‘rg‘on tumanidagi 14-sonli umumta’lim maktabi yuqori sinf o‘quvchisi Nazarbek Hamidov. – “Prezident archasi”ga taklif etishdi, unda Yurtboshimiz bizga yuborgan o‘quv qurollari, soat, turfa shirinliklar va kitoblardan iborat Yangi yil sovg‘alarini oldik. Bundan dilimiz quvonchga to‘ldi. Bizdek dili o‘ksik oilalarga hamisha qayg‘urib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganidan behad minnatdormiz.

Tantanali tadbirda viloyat teatri ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Yangi yil mo‘’jizasi” nomli sarguzashtlarga boy spektakl kichkintoylarni zavqqa to‘ldirdi.

E’tiborlisi shundaki, 9-12 yoshdagi vasiylikka olingan, nogironligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 422 nafar bolaning har biriga viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 500 dollardan omonat jamg‘armasi shakllantirildi.

24 turdagi o‘quv qurollari va 34 xildagi shirinliklardan iborat Prezident sovg‘alari 200 dan ziyod bolajonlarning yashash manzillariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat hududiy boshqarmasi hamda tuman hokimliklari mutasaddilari ishtirokida yetkazib berilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.