Namanganda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tashabbusi bilan Qurolli Kuchlar tashkil topganligining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab, "Vatan fidoyi farzandlarini unutmaydi" shiori ostidagi vatanparvarlik avtoyurishlari o‘tkazildi.
Namangan viloyati hokimligi tomonidan tasdiqlangan avtokarvonning harakatlanish yo‘nalishi xaritasiga ko‘ra galdagi vatanparvarlik avtoyurishi ishtirokchilari karvoni Namangan shahar o‘quv sport texnika klubi saroyidan chiqib viloyat markazidagi Xotira xiyoboniga keldi.
“Motamsaro ona” yodgorligi poyiga gullar qo‘yildi. So‘ngra avtokarvon Norin, Uchqo‘rg‘on va Uychi tumanlari tomon yo‘l oldi. Mazkur tumanlarda yangidan qad rostlagan zamonaviy san’at koshonalari – madaniyat markazlarida yoshlarni motivatsiyaga chorlovchi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ularda tuman hokimlari va sektor rahbarlari, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining faxriylar kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlar harbiy qismlari xizmatchilari, Yoshlar ittifoqi faollari, adib va shoirlar, jurnalist va blogerlar, harbiyga chaqiriluvchi yoshlar ishtirok etdi.
Iste’fodagi polkovnik Hasanboy Xidiraliyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoir Ziyoviddin Mansurov, “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Ahmadjon A’loxo‘jayev o‘z so‘zida bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, avtoyurishlar aholi, ayniqsa, yosh avlod o‘rtasida vatanparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilish, armiyaga bo‘lgan qiziqish va intilishini oshirishning o‘ziga xos ommaviy vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
[gallery-758]
Shonli sana munosabati bilan “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi texnik-amaliy sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmalar, san’atga oshufta o‘g‘il-qizlarning rasmlar tanlovi, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari harbiy qismi tomonidan tashkil etilgan qurol-aslahalar namoyishi, boshlang‘ich harbiy ta’lim bo‘yicha to‘garaklari a’zolarining jangovar chiqishlari, ona Vatanimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga zavqu shavq ulashdi.
Mustaqillik yillarida samarali faoliyat yuritib, yurtimiz tinchligi, vatanimiz xavfsizligi va sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lidagi xizmat burchini o‘tash chog‘ida mardlarcha qurbon bo‘lgan harbiylar hamda Ichki ishlar organlarining 38 nafar marhum xodimlarining oila a’zolariga esdalik sovg‘alari, badiiy asarlardan iborat kitoblar jamlanmasi tuhfa qilindi.
– Ichki ishlar tizimida xizmat qilgan rahmatli otam Yoqubjon Qodirovning xotirasi e’zozlanganidan ko‘zimga sevinch yoshlari keldi. Bu Vatan o‘z fidoyilarini aslo unutmasligidan dalolat beradi. Biz, farzandlar kelgusida komil insonlar bo‘lib yetishib, padari buzrukvorimizning ezgu ishlarini davom ettirishga burchlimiz, – deydi Norin tumanidagi 39-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Karimova. – Bayram arafasida ko‘rsatilgan ehtirom uchun “Vatanparvar”chilarga minnatdorlik bildiramiz.
E’tiborlisi shundaki, vatanparvarlik avtoyurishi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari doirasida umumiy bosib o‘tilgan masofa 118 kilometrni tashkil qilib, shu masofa orasida shahar va tumanlarda minglab kishilar ko‘zlarida zavq, yuraklarida hayajon bilan davlatimiz bayrog‘i hilpirab borayotgan avtomashinalar karvonini kuzatdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA