Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda ommaviy yugurish marafonlari
18:47 / 2025-04-18

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Sport, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bojxona qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamkorligidagi “Eco – Save Aral-2025” hamda “Inson uchun” shiori ostida keng ko‘lamli xalqaro xayriya va ekologik ommaviy yugurish marafoni Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.

Davlatobod tumanidagi “Yangi Namangan shaharchasi” markaziy ko‘chasida start olgan mazkur musobaqalarda viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari talabalari “Talaba-yugur”, umumta’lim maktablari o‘quvchilari “O‘quvchi-yugur”, harbiy xizmatchilar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan keng aholi qatlamlari ommaviy marafonda faol qatnashdi. 

Yuqori saviyada, bayramona ruhda kechgan sport va xayriya tadbirida to‘qqiz mingdan ziyod sportsevarlar qamrab olindi. Ommaviy marafon yakunida, g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ayniqsa, yoshlarning o‘ziga xos shijoati, nogironligi bo‘lgan shaxslarning yuksak matonati, keksalarning g‘ayrati barchaga kuch, ilhom bag‘ishladi. 

Bunday ommaviy sport tadbirlari aholi o‘rtasida jismoniy faollik va ekologik madaniyatni oshirishda, qolaversa, ijtimoiy faollikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ma’lumot o‘rnida, yugurish musobaqalari bahorda (mart-may) va kuzda (oktyabr-noyabr) o‘tkaziladi. Tadbirlar O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining rasmiy “Yugur” (yugur.uz) elektron platformasi orqali uyushtiriladi hamda natijalar mazkur tizimda yuritiladi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA