French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Olimpiya sport turlari ommalashmoqda
08:06 / 2025-04-18

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ayniqsa, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Namangan shahrida mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashiga qarashli o‘quv-sport texnika klubi huzuridagi o‘q otish majmuasida bo‘lib o‘tgan pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati ham ayni shu xayrli maqsadga qaratildi.

Qizg‘in, murosasiz bahslarga boy tarzda kechgan musobaqalarda Namangan, Andijon, Farg‘ona Toshkent, Xorazm, Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridan kelgan sakkizta jamoa tarkibida 80 nafar sportchi “VP-6”, “PP-3” mashqlari, ya’ni o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida havo miltig‘i hamda havo to‘pponchasidan o‘q otish bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi.

Musobaqaning dastlabki kunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida havo to‘pponchasidan o‘q otish bo‘yicha bahslar olib borildi. Unda Namangan viloyati vakili Rafet Kerimov zafar nashidasini surdi. Toshkent viloyati vakillari Hojiakbar Karimjonov va Fazliddin Farhodov mos ravishda ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Qizlar o‘rtasida havo to‘pponchasidan o‘q otish bo‘yicha (“PP-3” mashqida) farg‘onalik Veranika Merkulova eng yuqori natijani ko‘rsatdi. Uning jamoadoshi Nodirabegim Orifjonova ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, namanganlik Irina Tarasova uchinchi pog‘onadan joy oldi. Havo miltig‘idan o‘q otish (“VP-6” mashqi) borasida andijonlik Amaliya Yo‘ldosheva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Toshkentlik Nozima Husanboyeva va farg‘onalik Sabina Tolibjonova ikkinchi, uchinchi o‘rinlarni egalladi.

O‘smirlar o‘rtasida havo miltig‘idan o‘q otish(“VP-6” mashqi)da namanganlik Ilnur Xolmirzayev faxrli birinchi o‘rinni band etdi. G‘olibning jamoadoshi E’zozbek Rahimjonov ikkinchi, Toshkent viloyati a’zosi Jamol Sa’dullayev uchinchi o‘rinlarga munosib ko‘rildi.

Mamlakat chempionatining yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati jamoasi g‘olib sifatida e’tirof etildi. Namangan viloyati jamoasi faxrli ikkinchi o‘rin bilan taqdirlandi. Farg‘ona viloyati jamoasi esa kuchli uchlikni yakunlab berdi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga “Vatanparvar” tashkilotining diplom, medallar hamda qimmatbaho sovg‘alari taqdim qilindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA