Namangan viloyatining Norin tumani hududida joylashgan “Uchtepa-2” arxeologiya ob’ekti konservatsiya qilindi.
Mazkur tarixiy joyni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish bo‘yicha Respublika Turizm va Madaniy meros vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqida Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-tur davomida ma’lum qilindi.

Qayd etish joiz, mazkur manzilgohni akademik tarixchi olim Ahmadali Asqarov ochib o‘rgangan va bu yerda bir qator tadqiqotlar o‘tkazilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, “Uchtepa-2” o‘rnida qadimgi Xaylam shahri otashparastlar ibodatxonasi joylashgani aniqlandi. Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud bo‘lgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq o‘choq izlari hamda sopol idish siniqlari topildi.

“Uchtepa-2” ob’ektida o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yong‘in oqibatida vayron bo‘lganini ko‘rsatdi. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlarida esa o‘tkir tig‘li qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topildi. Ushbu topilmalar va yong‘in izlari ibodatxonada jang olib borilganini ko‘rsatib turibdi.

Mazkur tarixiy ob’ekt kelajak avlodga yetib borishi maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda “Uchtepa-2” arxeologiya ob’ekti konservatsiya qilindi. Ushbu joyning devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyatsiya olib borilishi va ob’ektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish va isitish uskunasi o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA