“Barkamol avlod” sport majmuasida aralash jang san’ati (MMA) bo‘yicha kattalar o‘rtasida Namangan viloyati chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda soha mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi. Marosimda viloyat hokimi mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida yoshlar o‘rtasida MMA sporti tobora ommalashayotgani, o‘tkazilayotgan musobaqalar natijasida bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni Namanganda ham keskin ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, chempionat MMA sport turini yanada rivojlantirish, viloyat jamoasini mahoratli sportchilar bilan to‘ldirishga xizmat qilishini qayd etdi.


Musobaqa doirasida viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan kuchli sportchilar vazn toifalari bo‘yicha g‘oliblik uchun keskin va shiddatli bellashuvlar olib bordilar.


Chempionat ishtirokchilar uchun muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Har bir jangda mahorat, strategiya, jismoniy tayyorgarlik va iroda sinuvdan o‘tmoqda. Musobaqa yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, hakamlar hay’ati, tibbiy xizmat va xavfsizlik choralari to‘liq ta’minlandi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor sportchilar diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA