French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Milliy gvardiyaning marhum xodimi «Jasorat» medaliga munosib ko‘rildi
20:00 / 2020-12-29

Ona Vatan, uning har farzandining tinchligi yo‘lida qalb va vijdon amri bilan qilingan sa’y-harakat e’tibor va rag‘batsiz qolmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni ko‘ra, davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimiz orasida Milliy gvardiyaning Namangan viloyati qo‘riqlash boshqarmasi 4-alohida otryad guruh safdor-xodimi, «Jasorat» medaliga loyiq topilgan marhum Abdulhodi Abdulvohidov ham bor.

To‘raqo‘rg‘on tumanining Turkiston mahallasida tug‘ilib o‘sgan Abdulhodi bolaligidanoq harbiy bo‘lishni orzu qilardi. 2019 yilning kuzida unga omad kulib boqdi: saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, Milliy gvardiya safida xizmat faoliyatiga kirishdi. Ammo...

... O‘sha mash’um, ammo har qanday yigit uchun sharafli bo‘lgan voqea joriy yilning qish faslida yuz beradi. 10 fervar kuni Sirdaryo ko‘prigida odatdagi xizmatini bajarayotgan Abdulhodining ko‘zi daryoda cho‘kayotgan ayolga tushadi va u shu zahotiyoq o‘zini suvga otadi. Ayolni qirg‘oqqa sudrab olib chiqadi, biroq jasurgina yosh o‘g‘lonni oqim olib ketdi. Shu bo‘yi salkam bir oy, ya’ni 26 kun deganda afsuskim, uning jasadi topildi.

— Vataniga xizmat qilishni vijdoniy burchi deb biladigan bolajonim atigi to‘rt 4 oy ishladi xolos. O‘z vazifasini bajarish chog‘ida jonini mardlarcha qurbon qilgan dilbandimni mahalladoshlar ko‘ngli ochiq, saxovatli yigit ekanligini xotirlashadi. Bolaginamga chimildiq ko‘rish nasib etmadi. Lekin yosh bo‘lganiga qaramay umrini jasorat va matonat bezagan farzandning onasi ekanimdan g‘ururlanaman, - deydi marhum yigitning onasi Xadicha Roziqova.

Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sobitxon Mirzayev rahmatli yigit unib-o‘sgan xonadonga borib, «Jasorat» medalini Abdulhodi Abdulvohidovning ota-onasiga topshirdilar. Shunday mard va o‘ktam o‘g‘lon bilan har qancha faxrlanish munosib ekani qayd etildi. Bundan buyon ham marhumning oilasi doimiy e’tiborda bo‘lishi ta’kidlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA