English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda Milliy gvardiya qoshida Chavandozlar maktabi ochildi
16:44 / 2022-03-04

Mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, yosh avlod chavandozlarini tayyorlash, milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va ommalashtirish, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishga qaratilgan bir qator izchil, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 avgustdagi “Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan chavandozlar maktabi o‘z faoliyatini boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda chavandozlar maktabining ochilishi yoshlarni jismonan chiniqtirish, otga bo‘lgan mehrini oshirish, ot sportiga keng jalb etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Davlatobod tumanidagi "Otchopar” maydonida joylashgan mazkur maktab ot sporti (uchkurash, to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish), beshkurash, polo hamda uloq-ko‘pkariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, unda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan barcha hamyurtlarimiz shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar bor. Viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 2,9 milliard so‘mlik loyiha doirasida maktabga 10 dona Qorabayir va 10 dona Yevropa zotli otlar keltiriladi. Har besh otga murabbiy va o‘rgatuvchilar biriktiriladi. Shuningdek, ushbu muassasa kelgusida Ippoterapiya markazi hamda ajoyib turistik maskanga moslashtiriladi. Sayyohlar oqimini oshirishga ham e’tibor qaratiladi.

Qayd etilganidek, yurtimiz ot sporti bo‘yicha uzoq yillik tarixga ega bo‘lib, azal-azaldan to‘y-tantanalar, bayramlar “Ko‘pkari”, “Olomon poyga”, “Ag‘darish” kabi milliy o‘yinlarsiz o‘tmagan. Polvonu chavandozlar, ayg‘irlarning zo‘ri ana shunday musobaqalarda saralangan.

Bugun yilqichilik va ot sporti tarmog‘ida tub o‘zgarishlar davri boshlandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jabhada sport, xizmat otlari yetishtirish, naslchilikni yaxshilash barobarida, tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, otchoparlar, monejlarni xalqaro andozalar asosida qayta qurish ishlari olib borilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar yaqin yillarda milliy yilqichilik va ot sporti dovrug‘ini dunyoga keng yoyishda muhim o‘rin tutadi.

[gallery-5996]

– Milliy gvardiya bo‘linmalarida ot sportini rivojlantirish, yoshlarni “Ot sporti”, “Zamonaviy beshkurash”, “Polo” va “Uloq-ko‘pkari” sportiga keng jalb etish choralari ko‘rilmoqda, – deydi Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi qoshidagi Chavandozlar maktabi direktori Akmalxon Yusupov. – Bo‘linmalarda xizmat otlaridan foydalangan holda ot sporti seksiyalarida aholining keng qatlami, ayniqsa, mahalla yoshlari, Prezident va ijod maktabi o‘quvchilarini jalb qilgan holda mashg‘ulotlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Tadbir davomida o‘tkazilgan “ot ustida kurash”, “ot ustida kamondan o‘q otish”, “ot poygasi” va “to‘siqlardan o‘tish” kabi ko‘rgazmali mashg‘ulotlar hamda Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi muddatli harbiy xizmatchilari tomonidan ko‘rsatilgan “Ko‘rgazmali qo‘l jangi” qiziqarli bo‘ldi.

Mazkur yangi maktab viloyatning barcha shahar va tumanlarga uchqur Qorabayir otlarni yetkazib beruvchi hamda chavandoz sportchilarni tarbiyalovchi birlamchi bazaga aylanadi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA