Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda merganlar bellashuvi boʻlib oʻtdi
18:48 / 2019-02-26

Namanganda Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tomonidan pnevmatik miltiqdan oʻq otish boʻyicha viloyat birinchiligining ikkinchi bosqich musobaqalari oʻtkazildi.


Namanganda Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tomonidan pnevmatik miltiqdan oʻq otish boʻyicha viloyat birinchiligining ikkinchi bosqich musobaqalari oʻtkazildi.

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, viloyatda harbiy sport turlarini rivojlantirish, milliy armiyaga malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadiga qaratilgan keng koʻlamli vazifalar doirasida tashkil etilgan musobaqada tashkilotning viloyat texnika va amaliy sport turlari markazi, shahar va tuman oʻquv sport texnika klublarining jamoalari tarkibida 170 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.

2006 yilda tugʻilgan va undan yosh bolalar va qizlar, 2001-2005 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar, erkaklar va ayollar – oʻn bir nafar aʼzodan tarkib topgan jamoalar Namangan shahridagi oʻq otish sport majmuasida merganlik mahoratini sinovdan oʻtkazdi.

Uch kun davom etgan musobaqa yakuniy natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni qizlar oʻrtasida viloyat texnika va amaliy sport turlari markazi jamoasi aʼzosi A.Tarasova, oʻgʻil bolalar oʻrtasida Namangan shahar oʻquv sport texnika klubi vakili I.Abdullayev egalladi.

Ayollar oʻrtasida Namangan shahar oʻquv sport texnika klubi aʼzosi K.Isaxonovaga teng raqib topilmadi. Shuningdek, viloyat texnika va amaliy sport turlari markazi vakili V.Kandakov ham erkaklar oʻrtasidagi bellashuvda eng mohir mergan koʻrsatkichini namoyon etdi.

Umumjamoa hisobida musobaqa shohsupasining eng yuqori pogʻonasini viloyat texnika va amaliy sport turlari markazi jamoasi ishgʻol etdi. Ikkinchi oʻrin Namangan shahar oʻquv sport texnika klubi va uchinchi oʻrin Uychi tumani oʻquv sport texnika klubi jamoasiga nasib etdi.

Gʻolib va sovrindorlar tegishli darajadagi diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.