Yangi yil arafasida namanganlik jurnalistlar uchun bayramga munosib tuhfa hozirlandi. Viloyat ijtimoiy-siyosiy nashrlari – “Namangan haqiqati” va “Namanganskaya pravda” gazetalari tahririyati joylashgan “Matbuot uyi” kapital rekonstruksiyadan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda yakuniga yetib borayotgan, o‘ziga xos turli sinovlar bilan kechgan 2022 yil matbuot sohasida ham yangicha burilishlar yasagan yil bo‘lgani qayd etildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori milliy matbuotimizni yangi pog‘onaga ko‘tarishga asos bo‘lib, zahmatli kasb egalariga zamonga xos va mos tarzda tezkor, xolis ish yuritish, ijodiy ishlash sharoitlarini yaratib berish uchun huquqiy hujjat bo‘ldi.
1979 yilda Namangan shahrida qurilgan “Matbuot uyi” binosi o‘tgan 43 yilda eskirib, nurab borayotgan, viloyat markazida yangi barpo etilgan binolar oralig‘ida o‘z ko‘rkini yo‘qotgan edi. Ushbu ma’naviyat dargohi bundan bir yil oldin Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, binoni mukammal ta’mirlash rejasi ishlab chiqilgandi. Davlatimiz rahbarining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni e’lon qilingan qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirishga xizmat qildi.
Tender tanlovi asosida “Chelsi qurilish dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari kapital ta’mirlash ishlariga kirishdi. Mutaxassislar fikrlarini inobatga olgan holda, binoning ichki va tashqi ko‘rinishlarini yangilash, zamonaviy media texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha loyiha rejasi ishlab chiqilib, bunyodkorlik shunga mos ravishda olib borildi. Mukammal ta’mir uchun viloyat byudjetidan 2 milliard 600 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
[gallery-10124]
Bino zamonga hamohang qiyofa kasb etdi. “Matbuot uyi”da nafaqat viloyat hokimligining nashrlari, qolaversa, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining viloyatdagi muxbirlik punkti, tarmoq gazeta va jurnallari ijodiy jamoalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Zaruriy orgtexnika vositalari va mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
– Qachon shu binoga ham e’tibor qaratilar ekan, deya atrofimizdagi zamonaviy binolarga havas ko‘zi bilan qarardik, – deydi “Namangan haqiqati” gazetasi bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Risliqxon Majnunova. – Mana, orzularimiz amalga oshdi. Biz yangi yil bayramini shinam va yorug‘ xonalar, zamonaviy jurnalistlarga xos sharoitlarga ega bo‘lgan maskanda kutib olyapmiz. Bu yerdagi qulay sharoitlar endilikda bizni yangicha uslubda ishlash, Prezidentimiz Murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalar ijrosini izchil yoritish, davlat siyosati va islohotlar mohiyatini keng ommalashtirish, nashrimizni keng jamoatchilikning chin ma’nodagi ochiq va erkin minbariga aylantirish yo‘lida astoydil mehnat qilishga undaydi.
Endi “Matbuot uyi”da bosma nashrlar bilan bir vaqtda blogerlik faoliyatini yuritayotganlar, internet saytlari vakillari ham shu binoga joylashadi. Qolaversa, bu maskanda zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etiladi. Binoda katta ekranli reklama monitoringi o‘rnatiladi. Bir so‘z bilan aytganda, “Matbuot uyi”- chinakam media markazga aylantiriladi.
“Matbuot uyi”ning tantanali ochilishida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA