Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda masjidning yangi binosiga tamal toshi qo‘yildi
20:42 / 2021-06-15

Tashrif davomida muftiy hazratlari Namangan shahrining Yangi yo‘l mahallasi hududida joylashgan «Miryoqubboy-Mirhakimboy» jome masjidining yangi binosi poydevoriga tamal toshi qo‘yib berdi.

Mutaxassislar bilan uchrashuvda, qurilayotgan binoni mo‘min-musulmonlar uchun qulay va shinam qilish, xonaqohlarni keng va yorug‘ bo‘lishi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, bunyodkorlik ishlarini zamonaviylik va milliylikka uyg‘un holda olib borish, atroflarini obod va ko‘rkam etishga alohida urg‘u qaratish borasida muhim tavsiyalar bildirildi.

– Ishonamanki, diyorimizda qurilayotgan masjidlar tinchlik-osoyishtaligimiz, xalqimiz farovonligiga, yurtimizning ravnaqida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, – dedi muftiy Usmonxon Alimov. – Tez kunlarda ushbu masjid qad rostlaydi va namozxonlarga xizmat qiladi.

Ulamolarning xizmat safari davomida Namangan, Chust, Pop, Davlatobod, Kosonsoy kabi viloyatning shahar va tumanlarida, olis va chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholi vakillari hamda «Hidoya» o‘rta maxsus, islom bilim yurtida talabalar bilan yuzma-yuz muloqotlar, taniqli ulamolar ishtirokida jome masjidlarda axloqiy-ma’naviy suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqatlar, diniy-axloqiy, ma’rifiy kitoblar hamda ehtiyojlariga ko‘ra, maishiy buyumlar taqdim etildi.

Ushbu muloqot va tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shoazim Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va boshqa mutasaddilar ham ishtirok etmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA