Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda maktabgacha ta’lim tashkiloti yana bittaga ko‘paydi
12:50 / 2022-08-07

Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi Uyurchi damko‘l mahallasi hududida yangidan bunyod etilgan 57-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Ushbu maskan viloyat hokimligi tashabbusi bilan mahalliy byudjet hisobiga qayta qurildi, qolaversa yangi binoni jihozlash ishlari bajarildi. Buning uchun 3 milliard 650 million so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada 50 o‘rinli eski, moslashgan bog‘cha o‘rnida, maktabgacha ta’lim tashkilotining 90 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy yangi binosi qad rostladi. Eng asosiysi, hududda yashovchi 3-7 yoshli bolalar qamrovi to‘liq 100 foizga yetkazildi.

E’tirof etish darkor, har qaysi mamlakatning rivoji, ertangi istiqboli shak-shubhasiz bugungi kundagi ta’lim-tarbiyaning sifat va samaradorligiga chambarchas bog‘liq. Binobarin, yurtimizda ta’limning barcha bosqichlariga, ayniqsa, maktabgacha ta’limga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ayni shu xayrli maqsadning yorqin ifodasidir.

2016 yilgacha Namangan viloyatida qamrov 25 foizgacha ham yetmagan bo‘lsa, bugunga kelib mazkur ko‘rsatkich qariyb 80 foizga yetdi. Yangi O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida nafaqat viloyat markazida, balki chekka va olis qishloqlarda ham jahon standartlariga javob beruvchi zamonaviy bog‘chalar qurilmoqda.

Keyingi yillarda mahalliy hokimliklarga byudjetdan orttirilgan mablag‘lar hisobiga aholi talab va istaklaridan kelib chiqqan holda zarur ob’ektlarni qurish, shuningdek, suv ta’minotini namunali tashkillashtirish, yo‘llar sifatini yaxshilash, obodonlashtirish va qurilish ishlarini amalga oshirishga imkoniyat yaratib berildi. Ya’ni, mazkur yo‘nalishdagi “Tashabbusli byudjet” loyihalari dasturiga ko‘ra, aholi o‘rtasida talab va ehtiyojlar o‘rganilib, hududlarda shifoxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va boshqa zarur inshootlar barpo qilish uchun viloyatga 88 milliard so‘m mablag‘ ajratib berildi.

Uyurchi damko‘l mahallasi Mingbuloqning eng chekka hududi, tuman markaziga qadar oradagi masofa qariyb 20 kilometrni tashkil etadi. Ayni kunga qadar esa, mahalla ahlini birinchi navbatda bog‘cha masalasi o‘ylantirib kelayotgan edi. Endlikda nuroniylar, ota-onalarning quvonchlari cheksiz.

Yangi bolalar bog‘chasining tantanali ochilish marosida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA