Namangan shahrida yangi tashkil etilgan Davlatobod tumanida “Oltin avlod” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini boshladi.
Aytish joizki, Navbahor mahallasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 358 nafar bola bo‘lib, mazkur hududda shunday zamonaviy bog‘chaga ehtiyoj yuzaga kelgandi. 200 o‘rinli yangi bog‘chaning ochilishi esa ko‘plab ota-onalarning uzog‘ini yaqin qiladi, eng asosiysi, farzandlarini bexavotir va puxta tarbiya topishlarini ta’minlaydi. E’tiborlisi, qabul rejasining 25 foizi imtiyozli asosida amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sherikchiligida asosida tadbirkor Muxtorjon Ahmadjonov tomonidan barpo etilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun 5 milliard 500 million so‘m sarflandi. Shu jumladan, 2 milliard 800 million so‘m miqdoridagi bank krediti mablag‘i yo‘naltirildi.
Zamonaviy bog‘cha asosan rus va ingliz tillariga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, undagi to‘rtta guruh xonasi ta’lim standartlari talablari asosida jihozlandi. Tarbiyalanuvchilar uchun sport zali, musiqa va umumiy ovqatlanish xonalari, o‘yingohlar va yozgi ayvonchalar ham mavjud.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilishida qatnashgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bolalarni bog‘chaga qamrov darajasi mutassil ravishda oshib borayotganini ta’kidladi. Viloyatdagi qamrovni yanada kengayishida “Oltin avlod” kabi zamonaviy muassasalar muhim o‘rin tutajagini qayd etdi.
Raqamlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2017 yilda Namangan viloyatida 472 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, qamrov atigi 24 foizga teng edi. Ayni vaqtga kelib, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 1 ming 618 taga yetdi. Bu borada xususiy sektor ulushi mingdan oshganligi (38 davlat-xususiy sherikchilik, 71 ta xususiy va 935 ta oilaviy bog‘cha) diqqatga sazovor. Qamrov darajasi esa 63 foizga yetkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, Davlatobod tumanida bugungi kunda 25 ta davlat va 26 ta nodavlat, jami 51 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Nodavlat tashkilotlarining 12 tasi xususiy, 13 tasi oilaviy, bittasi esa davlat xususiy-sherikchilik asosidagi bog‘chalarni tashkil etadi. Ularga 8 ming 806 bola jalb etilgan.
[gallery-722]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA