Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda mahorat maktabi tashkil etiladi
17:10 / 2025-12-12

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini turli kasb-hunar yo‘nalishlariga jalb etish va shu orqali ularning bandligini ta’minlashda xorijiy davlatlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar o‘z samarasini bermoqda.

Namangan viloyatida Qatar-O‘zbekiston mahorat maktabini tashkil qilish bo‘yicha Doha shahrida Progressiv islohotlar markazi hamda Doha fan va texnologiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Hozirgi kunda Namangan tumanidagi “Olaxamak” kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida mazkur xalqaro maktabni ochish yuzasidan amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. 

Ayni maqsadda yurtimizga tashrif buyurgan “Qatar Manpower Solutions Company (Jusour)” kompaniyasining bosh direktori Abdulhadiy Bahit Barqan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan uchrashdi. Qatar hukumatiga tegishli davlat rekruting (ishchi kuchini jalb qilish) agentligi hisoblangan “Jusour” so‘nggi yillarda respublikamiz Migratsiya agentligi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan. 

Mazkur kelishuv doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar turizm, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, mehmonxona biznesi kabi yo‘nalishlarda arab mamlakatida ishga jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Rasmiy uchrashuvda o‘zaro hamkorlik doirasidagi ishlarning borishi muhokama qilindi. Jarayonni tezlatish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. 

Qayd etilganidek, qiymati 2 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida payvandlash, elektrik, santexnik va keksalarni parvarishlash yo‘nalishlarida fuqarolarni kasbga o‘qitish hamda ularga Amerikaning qurilishga o‘qitish va tadqiqotlar milliy markazi – “Nccer” sertifikatlarini berish rejalashtirilgan. 

Ta’kidlash lozim, ayni vaqtda Qatar-O‘zbekiston mahorat maktabida ishlash istagini bildirgan, texnik malakaga ega va ingliz tilida muloqot qila oladigan 15 nafar mutaxassis tanlab olinib, ular Doha fan va texnologiya universiteti kasbiy ko‘nikmalar markazida qayta tayyorlovdan o‘tmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.