FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan shahrining Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning qishga tayyorgarlik holati bilan tanishdi.
Ayni paytda hududda “Navoiy-1” va “Navoiy-2” hamda “Shodiyona-2” elektr tarmoqlarini yangisiga almashtirish hamda tabiiy gaz tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida viloyat rahbari, ushbu hududda istiqomat qiladigan aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi. Mutasaddilarga qish mavsumida sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Keyingi manzil – “Chinor” MFY hududida 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. O‘tgan yilgi qishning sovuq kunlarida aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortishi sabab, tarmoqda ko‘plab uzilishlar kuzatilgan edi. Hozirda mahallaga qo‘shimcha transformator o‘rnatish, tarmoqlarni yangilash, mavjud muammolarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlari ham ko‘zdan kechirildi.
Davlatobod tumanidagi “Elobod” massiviga yangi qurilgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasiga 1500 nafardan ziyod kishi ko‘chib kirgan. Shunday ekan, bu hududga maktab zarur. Viloyat rahbari massivda yangi tashkil etilgan 95-umumta’lim maktabida o‘quvchilar sig‘imini ko‘paytirish borasida o‘z taklifini bildirdi.
Ushbu ta’lim dargohida o‘quvchilarning nafaqat bilim olishi, balki yoshlarning har bir daqiqasi mazmunli o‘tishi uchun barcha sharoitlar yaratilgani e’tiborni tortdi.
[gallery-14645]
Tajribali pedagog Ma’suda Mirzamova rahbarlik qilayotgan ushbu dargohda 273 nafar o‘quvchi saboq olmoqda. O‘quvchilar quz-qish mavsumida issiq xonalarda ta’lim olishi uchun sinf xonalarni qishki mavsumga shayligi ko‘zdan kechirildi.
Tumanda hozirgi kunda 7 ta BSK lar faoliyat yuritmoqda. Ular bajargan ishlarga nazar soladigan bo‘lsak, 103 ta uyning tom qismi, 70 ta uyning kirish yo‘laklari ta’mirlandi, 13 ta uyning eshigi yangilandi, 38 ta uyda oyna romlar o‘rnatildi, 58 ta uyning yerto‘la qismi, 18 ta uyning tashqi fasadi ta’mirlandi, 83 ta ko‘p qavatli uyga umumiy hisobda 434 ta energiya tejamkor sensorli chiroqlar (led lampalar) o‘rnatildi.
Ishchi guruh o‘rgangan Yangi Namangan tumanida ham bo‘ldi.
Ijtimoiy soha ob’ektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida muassasalar davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazildi. Unga ko‘ra Yangi Namangan tumanidagi 57 ta davlat ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti tizimi xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilindi.
Oromgoh mahallasi hududida joylashgan 60-maktabda bu borada qilingan ishlar holati ko‘zdan kechirildi. Ushbu maktabda ayni paytda 90 tonnadan ortiq ko‘mir zaxirasi shakllantirilgan.
Ushbu hududdagi 33 ta ko‘p xonadonli uylarga “Oromgoh Ravnaqi” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash hamda ularga qulayliklar yaratish uchun 24/7 rejimidagi avariya dispetcherlik xizmati mavjud.
BSK tomonidan shu kunga qadar 20 ta ko‘p xonadonli uyning tom qismi va 18 ta kirish yo‘lagi ta’mirlangan, 14 ta ko‘p xonadonli uyning fasad qismi bo‘yalib, 10 ta elektr taqsimlovchi shit, yerto‘la qismidagi 33 ta oqova suv quvuri yangisiga almashtirildi.
Shuningdek, hududdagi 21 ta ko‘p qavatli uyda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash uchun alohida tarmoq tortildi.
Ishchi guruh tumanning Sihatgoh mahallasida joylashgan “Chamanzor” qozonxonasida ham bo‘lib, mavsumga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. Markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan mazkur qozonxona hozirda hududdagi 2 ta ijtimoiy soha ob’ekti va 6 ta ko‘p qavatli uyni isitishga hamda 11 tasini issiq suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA