Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi sessiyasida viloyat hokimi Shavkat Abdurazoqov viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z vaqtida qabul qilingan farmon va qarorlar pandemiya davrida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, soliqchi-ko‘makchi modelini amalga oshirishda kelib tushgan 875 ta murojaat ijobiy hal etilib, 252 ta korxonaning 5,6 milliard so‘m soliq qarzdorligi muddatlari uzaytirildi.
Davlat mulkini ijaraga olgan 760 ta tadbirkorlik sub’ekti uchun 1,6 milliard so‘m ijara to‘lovini hisoblash to‘xtatildi. Tadbirkorlik sub’ektlarining 172,5 mingta kredit shartnomasi bo‘yicha 1 trillion 176 milliard so‘mlik to‘lov muddati uzaytirildi.
Bu esa tadbirkorlarga juda katta yordam bo‘lib, pandemiya davrida viloyatdagi yirik korxonalar faoliyati uzluksiz davom etdi. Vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan 8 ming 559 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyati qayta tiklashga erishildi.
Viloyatda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar natijasida joriy yil 5 ming 799 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etildi hamda ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes sub’ektlari soni 26 ming 740 taga yetkazildi.
Joriy yil davomida 99 ming 101 nafar aholi va tadbirkorlik sub’ektiga 4,4 trillion so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 36 ming 706 nafar mijozga 811,8 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilib, 37 ming 803 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA