Najot – ta’limda. Darhaqiqat, ta’lim va tarbiya nurli kelajakka eltuvchi yo‘ldir. Har bir zamon va makonda ilm-ma’rifat, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga ustuvor vazifa sifati qaralgan. Chunki mamlakat ertasini aynan bilimli, ziyoli shaxslar ko‘radi.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda 2023 yilni – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishida ham ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro talablarga mos tadbirlarni qo‘llash maqsadlari mushtarak.
Namangan viloyatida yana bir zamonaviy ta’lim dargohi ish boshladi. Ya’ni, tumanda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan maktab foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar chuqur bilimga ega, har taraflama barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Xorijnikidan qolishmaydigan, zamonaviy sharoitlarga ega ixtisoslashtirilgan maktablar ham iqtidorli va bilimga chanqoq o‘g‘il-qizlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgani qayd etildi.
[gallery-10179]
Tumanda qad rostlagan mazkur muhtasham ta’lim muassasasi aniq fanlarga ixtisoslashgan va 576 o‘ringa mo‘ljallangan. Nufuzli bilim dargohida 47 ta sinf xonasi, oshxona, 2 ta informatika, 7 ta ingliz tili, 4 ta rus tili, shuningdek, ma’naviyat, fizika, kimyo, biologiya fan va laboratoriya xonalari, kutubxona, o‘quv zali, faollar zali, tibbiyot, sport zali o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi. O‘quvchilarning fan sirlarini mukammal egallashi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Sinfxonalar eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Yuqori tezlikka ega internet tarmog‘iga ulangan. Asosiysi, o‘quvchilarning bugungi davrga mos bilim olishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Bu albatta ushbu maktab o‘quvchilari orasidan xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, jahon chempionlari yetishib chiqishiga imkoniyat yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatida Prezident maktablarini barpo etish uchun byudjet mablag‘laridan 110 milliard so‘m sarflanib, viloyatning barcha hududlarida ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA