Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda iste’molga yaroqsiz 1 ming 130 litr yog‘ yo‘q qilindi
11:11 / 2022-07-26

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘limi ish yurituvidagi hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida sifati kafolatlanmagan, yashirin sexda ishlab chiqarilgan 1 ming 130 litr paxta chigitidan olingan moy mahsuloti yo‘q qilindi.

Qayd etilishicha, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahrida yashovchi fuqaro B.M. “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan jamiyatda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun hech qanday hujjatlarsiz yashirin sex tashkil etib, paxta chigitidan qo‘lbola usulda yog‘ ishlab chiqarayotgani aniqlangan.

O‘tkazilgan tadbir davomida paxta chigitidan ishlab chiqarilgan yog‘ mahsuloti va uskunalar ashyoviy dalil deb topilib, jinoyat ishiga qo‘shilgan. Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan sud hukmi bilan fuqaro B.M.ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jazo tayinlangan. Bundan tashqari sud hukmida 1 ming 130 litr paxta chigit yog‘i iste’molga yaroqsiz, deb topilgan va yo‘q qilish belgilangan.

Kuni kecha mazkur ijro hujjatini ta’minlash maqsadida yo‘q qilish tadbiri o‘tkazildi. Unda mahsulot ko‘zdan kechirilib, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi tuman bo‘limlari vakillari ishtirokida markaziy chiqindixonada belgilangan tartib asosida yo‘q qilindi.

MIB To‘raqo‘rg‘on tumani bo‘limi boshlig‘i Shavkatjon Abdullayevning ma’lum qilishicha, Byuroning ish yurituviga joriy yilning olti oyi davomida jami 31 ta yo‘q qilish bilan bog‘liq umumiy qiymati 72 million so‘mlik hujjatlar kelib tushgan. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida alkogol, tamaki kabi o‘ndan ortiq turdagi mahsulotlar yo‘q qilingan.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA