Aholi salomatligini mustahkamlashning muhim omili tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish, odamlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Ayni shu maqsadda, davlatimiz rahbarining olimlar, shifokorlar, hamshiralar, farmatsevtlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur tadbir oldidan Respublika Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev boshchiligida vazirlik mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Namangan viloyatidagi bir qator shifo maskanlarida bo‘lib, hududda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari hamda fuqarolar bilan uchrashdi.
Muloqotda, ayni kunlarda mamlakatimizdagi mavjud epidemiologik vaziyat, koronavirus infeksiyasining yangi shtammi hamda kasallikka chalingan bemorlarni uy sharoitida davolashning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
So‘nggi kunlarda, mamlakatimizda, xususan Namanganda ham virus yuqtirish bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ortib borayotgani va buning oldini olishning yagona samarali yo‘li emlanish ekani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, viloyatdagi har bir birlamchi tibbiy bo‘g‘in – oilaviy poliklinikalar faoliyati kuchaytirilib, ularda bepul PZR-test topshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Muloqotda Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayoni haqida fikr almashildi.
Ma’lumot o‘rnida, shu yilning 20 yanvariga qadar 1295 raqamli “Call-markazi”ga mamlakatimiz bo‘yicha eng ko‘p – Namangan viloyatidan jami 1 ming 795 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 602 tasi fuqarolarga, 1 ming 193 tasi esa bevosita sog‘liqni saqlash xodimlariga tegishlidir. Tibbiyot xodimlaridan yuborilgan murojaatlarning 362 tasi ijobiy hal etildi. Qolaversa, sohani rivojlantirishga qaratilgan 764 ta taklif bildirildi.
– Xalqimiz sog‘liqni saqlash tizimidan hali to‘laqonli rozi emas, – deydi Chust tumanidagi “Oxygon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Behruz Nazirov. – Sohani zamon talablari darajasida rivojlantirish uchun esa ilg‘or tashabbus va g‘oyalar, kreativ yondashuvlar zarur. Buni izchillik bilan amalga oshirishda xususiy sektorning o‘rni borligini unutmaslik kerak. Shu ma’noda, tumanimizdagi “Yorqishloq” hududida joylashgan sobiq yuqumli kasalliklar shifoxonasining bo‘sh turgan binosi o‘rnida davlat-xususiy sherikligi asosida yangi sihatgoh tashkil etish tashabbusini bildirgan edim. Kamida 20 kishining bandligini ta’minlaydigan ushbu reja qo‘llab-quvvatlanganidan xursandman.
Tadbir davomida davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash; ularda shtatlarni qayta ko‘rib chiqish va bandlikni ta’minlash; zarur bo‘lgan aholi punktlarida tibbiy muassasa yoki xodimlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish; nogironligi bor kishilar uchun maxsus ijtimoiy dorixona ochish, oliy hamshiralik kurslarini tamomlagan hamshiralarning aniq funksiyalari va lavozimlarini belgilash; tug‘ruq kompleksi, reproduktiv va perenatal markazlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish kabi masalalarni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
[gallery-5536]
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA