Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda infokiosklar o‘rnatildi
16:08 / 2024-05-23

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning mart oyida Namanganga tashrifi chog‘ida Uychi tumanidagi Qumtepa mahallasi binosida tashkil etilgan Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi, unda aholi va tadbirkorlar davlat xizmatlaridan foydalanishi borasidagi sharoitlarni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidlagandi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatning tuman va shahar ma’muriy markazlaridan olis hududlarda interaktiv kioskalar o‘rnatildi. Ayni kunlarda aholi ushbu interaktiv kioskalar yordamida 37 turdagi xizmatlardan foydalanishi mumkin. Ushbu interaktiv kiosklardan mahallalar bo‘yicha foydalanish borasida Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.  

– Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilganda quvondik. Bizning mahalla tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgani sababli oyda bir Chortoq tumani davlat xizmatlari markazining xodimlari mahallamizga kelib “Sayyor xizmat” ko‘rsatishar edi, – deydi Alixon qishlog‘ida yashovchi Tojixon Bahodirova. – Mana shunday imkoniyatdan mahalladoshlarim singari men ham ko‘p foydalanganman. Bizni yana bir quvontirgani shundaki, qishlog‘imizda o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish infokioski o‘rnatildi. Bundan mahallamiz ahli birdek minnatdor.  

Albatta, viloyat Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan Namanganda joriy etilayotgan yangicha innovatsion yondashuvlar aholi va tadbirkorlarga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning ortiqcha vaqtini va naqdini tejash bilan birga ishbilarmonlarning uzog‘ini yaqin qilishga yaqindan ko‘maklashadi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri