Namangan shahrida “Medion” klinikasi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali hamkorligida Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan taniqli tibbiyot fanlari doktori Yuriy Sinelnikov boshchiligidagi tajribali kardioxirurglar jamoasi tomonidan ilk marotaba murakkab yurak jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2014 yilda tug‘ilgan bemor bolajon A. R. ga tug‘ma aortal klapan stenozi tashxisi qo‘yilgan. Tibbiy tekshiruvlarda klapanlardagi bosim farqi 130 mm. simob ustuniga teng ekanligi aniqlangan.

– Vodiy viloyatlarida ilk bor qo‘llanilgan “Ross” operatsiyasi – yurak jarrohligining eng murakkab, shu bilan birga samarali usullaridan biridir, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov. – Ushbu amaliyotda bemorning shikastlangan aortal qopqog‘i o‘zining o‘pka qopqog‘i, ya’ni avtotransplant bilan almashtiriladi. Shundan so‘ng o‘pka qopqog‘i o‘rniga donor klapan – gomograft yoki biologik protez o‘rnatiladi.

Mazkur usul dunyo tibbiyotida britaniyalik kardioxirurg Donald Ross tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, ayniqsa, bolalar va yosh bemorlarda aortal klapan nuqsonlarini davolashda eng maqbul yo‘l hisoblanadi. Bu operatsiya bemorning hayot sifatini saqlab qoladi hamda umr bo‘yi antikoagulyant dorilarni qabul qilish zaruratidan ozod etadi.
Bunday yirik tibbiy yutuq Namangan tibbiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Mahalliy mutaxassislar xorijiy tajriba asosida murakkab yurak operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Viloyat kardiologiya shifoxonasi jamoasi xalqaro hamkorlik aloqalari doirasida yana bir xayrli ishga qo‘l urmoqda. Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magi, “The Stirling Foundation” fondi homiyligida “Global Cardiac Alliance” tashkiloti hamkorligida tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan bolalarda bepul kardiojarrohlik amaliyoti va tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi.
Joriy yilning 25 oktyabriga qadar davom etadigan aksiyada yurak xastaligiga chalingan yoki tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan bolalar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda zarurat bo‘lganda jarrohlik amaliyoti tavsiya etiladi. Tadbirda xorijiy va mahalliy kardiojarroh mutaxassislar ishtirok etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.