Mamlakatimizda dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Namangan viloyatida ham bobodehqonlarning kasb bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Davlatobod tumanidagi “Navbahor” tantanalar majmuasida tashkil etilgan tantanali tadbirga tarmoqning fidoyilari, faxriylar, ilg‘or fermer va dehqon xo‘jaliklari mehnatkashlari, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar mutasaddilari hamda Qirg‘iz Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar taklif qilindi.
Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimizning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib berdi. Tuproqdan rizq-ro‘z undirib, el dasturxoniga yetkazib berayotgan agrar tarmoqning fidoyilari – mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylarining mehnatlari alohida e’tirof etilganligini ta’kidladi va viloyatda joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalarga to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, joriy yilda qishloq xo‘jaligi sohasining bir qator yo‘nalishlari viloyatimiz uchun barakali keldi. Bozor rastalari, dasturxonimiz noz-ne’matga to‘ldi. Mahsulotlarimiz eksport qilinayotgan davlatlar va ularga yetkazib berilayotgan mahsulotlar soni, turi, miqdori ortdi.
2021-2024 yillarda jami 23 ming 207 gektar yer maydonlari dehqon xo‘jaliklari uchun auksion savdo orqali g‘olibi aniqlanib, fuqarolarga berilgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu maydonlarda 885,4 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. Dehqon xo‘jaliklariga yer tarqatish orqali 67 ming 30 nafar fuqaro yer egasiga aylanib, 161 ming nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.
Yilning birinchi hosili bo‘lgan pillachilik sohasida yaxshi natijalarga erishildi. Ayniqsa, Mingbuloq, Norin, Namangan, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida yuqori hosil yaratilib, ayollarni bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratildi.
Viloyatda pilla yetishtirishni yanada ko‘paytirish maqsadida joriy yilda 39 ming 102 quti ipak qurtini parvarishlab, har qutidan o‘rtacha 64,4 kilogrammdan hosil olindi va yalpi hosil 2520,1 tonnaga yetkazildi yoki o‘tgan yilga nisbatan 359 tonna ko‘p pilla xomashyosi yetishtirildi.
G‘allachilikda esa 68 ming gektar g‘alla maydonlaridan 639,5 ming tonna boshoqli don yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik 92 sentnerni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan 32,1 sentnerga ortishiga erishildi. Paxtachilikda bu yil 169,09 ming tonna paxta xomashyosi terib olinib, shundan, 50 ming 212 tonnasi terim mashinalari orqali yig‘ishtirib olindi.
Ilk bor viloyatda tajriba tariqasida 6 ming 103 gektar maydonga Xitoyning “Tianye Plastik” MCHJ kompaniyasi tomonidan jami 111,5 tonna xorijiy nav olib kelinib, sinov tariqasida ekildi. Xorijiy navlar ekilgan 6,1 ming gektar maydonlardan olingan hosildorlik o‘rtacha 41,3 sentnerni tashkil etib, bu boshqa navlarga nisbatan hosildorligi yuqoriligini isbotladi.
Viloyatda yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2023 yilda 32 824,7 milliard so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 13496,2 milliard so‘mga ortgan. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan maydonlardan 6 ming gektari 50,5 ming nafar fuqarolarga takroriy ekin ekish uchun tarqatib berildi.
Qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, xususan, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik kabi yo‘nalishlarda o‘ziga yarasha natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Bunga, birgina yaqinda o‘tkazilgan ikkinchi xalqaro zotdor chorva hayvonlari va parrandalari ko‘rgazmasi ham yaqqol dalildir.
[gallery-20875]
Tantanali tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga qo‘shgan katta xizmatlari uchun “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” munosabati bilan bir guruh ilg‘orlarga viloyat hokimi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirining faxriy yorliqlari, “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Ilhom fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali dehqon” ko‘krak nishonlari, esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Viloyat san’at ustalari va taniqli xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA