Namangan shahridagi "Xotira xiyoboni"da 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabaning 76 yilligi bayramiga bag‘ishlangan “Xotira bor ekan – millat barhayot” shiori ostida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkat Abdurazzoqov harbiy paradni qabul qildi.
Qirg‘inbarot urushda bugungi dorilomon kunlar saodati yo‘lida jonini fido qilgan ota-bobolarimizning ulkan matonati kelajak avlodlar uchun chinakam ibrat maktabidir. Shu bois ayni vaqtda keksalik gashtini surayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari davlatimizning yuksak ehtiromida.
Tadbirda ayovsiz janglarda qurbon bo‘lgan vatandoshlarimiz va istiqlol yillarida xizmat burchini o‘tash chog‘ida vafot etgan harbiylar xotirasiga sukut saqlandi.
Shundan so‘ng, Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, mudofaa, chegara qo‘shinlari, favqulodda vaziyatlar, bojxona, milliy gvardiya boshqarmalari harbiy xizmatchilarining yig‘ilganlar oldidan tantanali marsh sadolari ostida jangovar saf tortib yurishi, uning ortidan esa urush yillaridagi harbiy mashinalar, qurol-aslahalar va Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini namoyon etuvchi zamonaviy texnikalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Bu tadbirga yig‘ilganlarda, ayniqsa, bo‘lajak Vatan himoyachilari bo‘lmish chaqiriluvchi yoshlar, harbiy liboslar kiygan bolajonlarda hayratu havas uyg‘otdi.
Viloyat sektor rahbarlari, barcha tashkilot, boshqarma, idora va muassasalar vakillari tomonidan "Motamsaro ona" haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Bayram tadbirlari viloyatning shahar va tumanlarida, mahalla hamda olis qishloqlarida davom etdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA