English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda ham mahalla tizimi xodimlari taqdirlandi
19:18 / 2023-03-22

Nafosat va go‘zallik, yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam yurtimizda yana bir quvonli shodiyona – mahalla tizimi xodimlari kuniga ulanmoqda. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi ham borki, aynan Navro‘zga yarashgan mehru oqibat, bag‘rikenglik, ahillik, saxovat kabi xalqimizning azaliy qadriyatlari aynan mahallada yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Namangan shahridagi “Sherdor” tantanalar majmuasida ayni shu sana munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiriga viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari vakillari, mehnat faxriylari, shahar va tumanlardagi fidoyi mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, ichki ishlar profiliktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari, mazkur tizim hamkor tashkilotlari mutasaddilari taklif qilindi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov mahalla tizimida jonbozlik bilan xizmat qilib kelayotgan soha fidoyilarini yurtimizga yarashgan qo‘shaloq bayram bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi. Hukumatimiz tomonidan o‘zini o‘zi boshqarish institutini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan mahallalarda “kuchli beshlik”, ya’ni raisdan tortib yoshlar yetakchisigacha xayrli maqsadlar atrofida jipslashgan holda, muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qo‘shayotganligini ta’kidladi. Mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat o‘zgaradi. Ayni shu boisdan ham so‘ngi yillarda xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan o‘ziga xos noyob tuzilma — mahallaga qaratilayotgan e’tibor beqiyos.  

E’tirof etish joiz, bugungi kunda Namangan viloyatida 791 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritib, ularda xizmat qilayotgan to‘rt mingga yaqin xodimlar har bir oilada va butun jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, yosh avlodni insoniy fazilatlar ruhida kamol toptirish, turli mojaro hamda oilaviy nizolarning oldini olish kabi ko‘plab mas’uliyatli vazifalarni sharaf bilan bajarib kelmoqda.  

Tadbirda, mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Prezident farmoniga asosan davlatimizning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgan to‘rt nafar namanganlik hamyurtimizga orden va medallar topshirildi. Shuningdek, sohada alohida ibrat namunasini ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari berildi. E’tiborlisi shundaki, viloyatdagi barcha mahalla raislari Prezident sovg‘asi sifatida 5 million so‘m miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA