Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda «Golubika» mevalari yetishtirilmoqda
16:00 / 2022-07-21

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanda yashovchi Tolibjon Xolmatov Belorus davlatida yetishtiriladigan «Golubika» rezavor mevasining ko‘chatlarini yurtimiz iqlim sharoitiga moslashtirish harakatida izlanishlar olib bormoqda. Hozirda T. Xolmatov tomorqasida 4200 dona 2 yoshlik, 300 dona 5-6 yoshlik ko‘chatlar parvarishlanmoqda. 5-6 yoshlik ko‘chatlarning esa hozirgi kunda mevalar pishib yetilgan.

Qayd etish kerakki, buta shaklida, balandligi bir metr atrofida bo‘ladigan golubika mevalarining ulgurji bahosi, faslga qarab, kilogramm narxi 8 dollardan 12 dollargacha o‘zgarib turadi. 90 yildan ko‘proq davrda meva beradigan golubika olti yildan keyin hosildorligi har bir tupga 5 kilogrammga yetadi. Bir gektarga 3-5 ming tup buta ekilsa, besh-olti yildan keyin gektaridan o‘rtacha 20 tonna atrofida hosil olish mumkin.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.Xaitov Uchqo‘rg‘on tumanida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish jarayonida T.Xolmatovning tajribasini ommalashtirish davr talabi ekanini qayd etdi. Zero, tomorqachi kelgusida faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida mevalarni saqlash uchun 100 tonnalik muzlatgich qurish, mevalarni va ko‘chatlarni eksport qilishni rejalashtirmoqda.

Istiqbolda Uchqo‘rg‘on tumanining Qayqi qishlog‘ida yashovchi aholi tomorqalarida «Golubika» yetishtirish rejalashtirilmoqda. Mahsulotni yetishtirish va eksportini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Belarusning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida Minskdagi «Yagodka» korxonasi bilan DGT 3X MEVA-SABZAVOT KLASTERI" MCHJ rahbari T. Xolmatov hamkorlik shartnomasi imzoladi.

Aktam Xaitov tadbirkor Fatxiddin Asqarov tashkil etgan gulchilik kooperatsiyasida olib borilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.

– Gulzorda tomchilatib sug‘orish orqali na’matak, atirgul, lola kabi 100 dan ortiq turdagi gullar parvarishlanar ekan, –deydi A.Xaitov.– Tadbirkor 10 yildan buyon gulchilik faoliyatini kengaytirish uchun yer masalasida qiynalib kelayotgan ekan. Biznes-rejasini Norin mahallasining hokim yordamchisiga ko‘rsatganda, uning kooperatsiya tashkil etish borasidagi murojaati ijobiy hal etilgan. Endilikda tadbirkor viloyat gulchiligida o‘z maktabini yaratish maqsadida astoydil bel bog‘lab, mehnat qilmoqda.

Uchqo‘rg‘on tumani mirishkorlari mevali va manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari yetishtirish borasida katta tajribaga ega. Ayni sohani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli endilikda nafaqat yurtimiz hududlariga, balki qo‘shni davlatlarga ham daraxt va gul ko‘chatlari yetkazib berishda peshqadamlik qilmoqda.

O‘zA