Namangan viloyatining Chust va Pop tumanlarida 2022 yil hosili uchun yetishtirilgan boshoqli don hosilini nes-nobud qilmasdan o‘z vaqtida uyushqoqlik bilan o‘rib-yig‘ib olish hamda g‘alladan bo‘shagan maydonlarni takroriy ekin ekish uchun ajratib berish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sektor rahbarlari, tumanlar hokimlari, o‘rim-yig‘imga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar, g‘allachilik klaster korxonalari mas’ullari ishtirok etdi.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ta’kidlab o‘tganidek, bu yil viloyatda joriy mavsum hosili uchun 2 ming 191 ta fermer xo‘jaligining 67 ming 750 gektar maydonida g‘alla yetishtirildi. G‘allaning har gektaridan o‘rtacha 80 sentnerdan 541 ming 999 tonna don yetishtirilishi rejalashtirilgan.
[gallery-7470]
O‘tgan yillarda Mingbuloq va Pop tumanlarida g‘allachilik sohasida 2 ta klaster korxonasi tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda esa 11 ta g‘alla yetishtiradigan tumanda 10 ta klaster korxonasi fyuchers shartnomasi asosida g‘alla yetishtirish uchun biriktirib berilgan.
Seminar davomida g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekinlarni kechiktirmasdan ekish, ularning parvarishi bo‘yicha ham tavsiyalar berildi. Bunda ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga yer biriktirib berish talabi qo‘yildi.
1 ming 557 gektar yer "E-Auksion" elektron savdoga ariza topshirgan, lekin g‘olib bo‘lmagani sabab yer olmagan fuqarolarga ajratib beriladi. Buning natijasida viloyatda kam ta’minlangan, ehtiyojmand va ishsiz 21 ming 500 ta aholi xonadoni otaliqqa olinadi. Bu “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi mehnatga layoqatli, vaqtincha ishsiz fuqarolarga to‘g‘ri keladi. Ularga urug‘lik bug‘doy, somon press va takroriy ekin ekish uchun yer maydoni beriladi. Bu yerlarda sabzavot, kartoshka, dukkakli ekinlar, moyli ekinlar va chorva ozuqa ekinlari yetishtiriladi.
Ma’lumot uchun, Pop tumanidagi 322 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 10 ming 490 gektar maydonda g‘alla yetishtirilgan, ayni paytda pishib yetilgan g‘alla hosilini qisqa fursatlarda o‘rib-yanchib olib, qabul maskanlariga yetkazish maqsadida tumanning barcha hududlarida sifatli texnika va ishchi kuchi jalb etilgan holda 30 ta maxsus otryad, 30 ta g‘alla o‘rish kombayni, 150 ta don tashish texnikasi jalb etilgan.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA