Prezidentimizning 2023-yil 20-yanvardagi “2023-2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Chegarasiz shifokorlar” xalqaro insonparvarlik tashkilotining O‘zbekistondagi filiali o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan.
Mazkur kelishuv asosida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida doriga chidamli tuberkulyoz kasalligini tashxislash, davolash va oldini olishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yo‘lida muhim qadamlar tashlanyapti.

Ma’lumki, dunyo miqyosida sil kasalliklarini davolash 2022-yilgacha olti oydan 22 oygacha rejimda amalga oshirib kelindi. Keyinchalik shu muddatni kamaytirish, sog‘lomlashtirishning xavfsiz va tezkor choralarini topishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Ayni shu bois Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur yo‘nalishdagi eng taraqqiy etgan ilmiy-tadqiqot muassasalari, farmatsevtikaning yetuk olimlari e’tiborini ana shu masalaga qaratdi. Nihoyat davolashning olti oylik sxemasi va yangi tarkibdagi dori-darmonlar yaratilib, bir necha bosqichli sinovlardan o‘tkazildi. Natijalar kutilganidek bo‘ldi. Bu izlanishlar qo‘llanilib, quvonchli samaralarga erishildi.

Mazkur kasallik bo‘yicha tashxislash va izlanishlarni barcha ftiziatriya shifoxonalariga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida hududiy ftiziatriya xizmati va birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘ini mutaxassislarining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, bilim va malakalarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminari o‘tkazildi.

Anjumanda viloyat, shahar va tumanlar ftiziatriya xizmatlarining vrachlari, o‘rta tibbiyot xodimlari, laborantlari ishtirok etdi. Unda mashg‘ulotlar uch guruhga bo‘lingan holda olib borildi. Markazning yuqori malakali mutaxassislari, “Chegarasiz shifokorlar” xalqaro insonparvarlik tashkiloti hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari ko‘p dorilarga chidamli tuberkulyozni yangi uslublarni qo‘llagan holda davolash, muolaja rejasini ishlab chiqish, bemorlarni ruhiy qo‘llab-quvvatlash, laborator tashxislarni qo‘yishda nazorat menejmentini yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb mavzularda ma’ruza, suhbat, savol-javob, zamonaviy usulni qo‘llashga doir trening olib bordilar.

Shuningdek, tinglovchilarning respublika onlayn konsiliumida tadbir davom ettirilib, unda farmokologik nazorat va dorilar nojo‘ya ta’sirlarining oldini olish va bemorlar tibbiy holatlari muhokamasi tarzida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA