Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining 2020 yildagi final uchrashuvi o‘tkazildi.
Kubok g‘olibini aniqlab beruvchi hal qiluvchi uchrashuvda poytaxtimizning ikki vakili – “AGMK” va “Paxtakor” jamoalari maydonga tushdilar.

Uchrashuvni shiddatli hujumlar bilan boshlagan “Paxtakor” 19-daqiqada burchak to‘piga ega bo‘ldi. Eren Derdiyokni “AGMK” a’zosi Sardor Rahmonov ushlab qolgandi. Natijada, mazkur uchrashuvda O‘zbekiston futboli tarixida ilk marta “VAR” tizimidan foydalanildi. Bosh hakam Zokir Qodirov video-takror hakamlari bilan gaplashdi va bu vaziyatda penalti yo‘q deb topildi.

Final bahsnning 28-daqiqasida hisob ochildi. Dostonbek Hamdamovdan to‘pni qabul qilib olgan Dragan Cheran jarima maydoni markazidan kuchli zarba bilan olmaliqliklar darvozasini ishg‘ol etdi.
Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalaridanoq “Paxtakor” futbolchilari oradagi farqni yana bittaga oshirdilar. Serbiyalik legioner Cheran jamoadoshi Jaloliddin Masharipovning ajoyib “pasi”ni boshi bilan golga aylantira oldi.

56-daqiqada “VAR” tizimi yana ishga tushirildi. video-takrorni o‘zi kuzatgan bosh hakam “Olmaliq” jarima maydonchasi ichida to‘p himoyachi Sardor Rahmonovning qo‘liga tekkan, deb topdi va penalti belgiladi. “Sherlar”ning mohir futbolchisi Jaloliddin Masharipov 11-metrlik jarima zarbasini sovuqqonlik bilan amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinishga (0:3) keltirdi.
Bellashuvning 82-daqiqasida “AGMK” a’zosi Zafar Polvonov o‘rtadagi farqni qisqartiruvchi to‘pni “Paxtakor” darvozasiga kiritdi. Ammo gol o‘yindan tashqari holatda urilgani sababli inobatga olinmadi.

Shu tariqa, o‘yinda yirik hisobda zafar quchgan “Paxtakor” jamoasi o‘z tarixida 13-bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
E’tiborlisi shundaki, “AGMK” va “Paxtakor” jamoalari O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi uchrashuvida qatorasiga uchinchi yil o‘zaro to‘qnash keldilar. 2018 yili Baxtiyor Ashurmatov murabbiyligida “konchilar” 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, ilk bor kubok g‘olibiga aylanishdi. biroq keyingi ikki yilda raqibdan yirik hisoblarda ustun kelgan Shota Arvaladze boshchiligidagi “Paxtakor” futbolchilari chempionlik unvoni soni bilan bir xil tarzda kubok sovriniga ham ega chiqdilar.
O‘yindan so‘ng o‘tkazilgan tantanali marosimda o‘zbek futboli namoyandalari Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov va Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokida “Paxtakor” jamoasiga navbatdagi kubok sovrini taqdim etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.