Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlari boshlandi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Canitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida Namangan shahridagi 14-sonli oila poliklinikasida amalga oshirilgan dastlabki vaksinatsiyalash jarayoniga 65 yosh va undan katta yoshdagi nuroniy otaxon va onaxonlar chaqirildi. Birinchi bo‘lib, Chorsu mahallasida istiqomat qiluvchi 87 yoshli Ahmadjon ota Ismoilov emlandi.
– O‘tgan yili koronavirus infeksiyasiga chalinib, 45 kun kasallik azob-uqubatlarini tortdim. Shifokorlarning beminnat xizmati tufayli oyoqqa turdim. Bu virus o‘ta xavfli ekanligini boshimdan kechirdim. Yaratganga shukrkim, koronavirusga qarshi emlanadigan kunlarga ham yetdik. Shuning uchun vaksinatsiyalash boshlanayotganligini eshitib, o‘z xohishim bilan poliklinikaga keldim. Salomatlik posbonlari iliq kayfiyatda qarshi oldilar. Emlanganimdan keyin bir oydan so‘ng uchrashimni aytishdi. Endi xavotirga o‘rin yo‘q ,- deydi Ahmadjon Ismoilov.
Namanganda ushbu muhim tibbiy tadbirga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Covid-19 ga qarshi kurashda emlashning ahamiyati yuksakligini e’tiborga olgan holda bu muhim jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida zarur choralar ko‘rildi. Viloyat bo‘yicha 238 ta emlash punkti, 293 ta emlash brigadasi va 54 ta mobil guruhi ish faoliyati tashkil etildi. Emlash tadbirlari uchun viloyatga 48 ming doza Yevropada ishlab chiqarilgan “AstraZeneca” va o‘zbek-xitoy olimlari tomonidan ishlab chiqilgan 51 ming 200 doza “ZF-UZ-VAC2001” vaksinasi keltirildi.
Namangan shahridagi 14-oila poliklinikasi bosh vrachi Nafisa Tursunqulovaning ma’lum qilishicha, tibbiy muassasa joylashgan hudud atrofidagi 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, xavf guruhidagi 1 ming 331 kishi ro‘yxatga olinib, ulardan dastlabki vaksinatsiyalash kunida 70 nafar bemor emlandi. Jumladan, Madaniy maorif mahallasidan 69 yoshli No‘’monjon Tursunov va uning ayoli Qumrixon aya shifokor ko‘rigidan o‘tgach, maxsus punktda hamshira tomonidan yuborilgan vaksinalarni qabul qilishdi. Shundan so‘ng ular kuzatuv xonalari biroz dam olib, o‘zlarini erkin tutganliklarini bayon etishdi. Mahalladoshlariga emlashning nechog‘li ahamiyatli ekanligini targ‘ibot qilishlarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida, emlash tadbirlarining birinchi bosqichida Namangan viloyati miqyosida 106 ming nafardan ziyod keksa yoshdagilarni vaksinatsiyalash ko‘zda tutilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA