Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda “Ekobog‘” barpo etishga kirishildi
14:08 / 2024-03-10

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joylarda salmoqli ishlar amalga oshirilib, atrof-muhitni yashillikkka burkashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘klam faslining fusunkor ayyomi – Navro‘zi olam arafasida Namangan davlat universitetida "Ekobog‘” barpo etilmoqda. Viloyat bo‘ylab uyushtirilgan ommaviy hashar kunlari “Ekobog‘” hududiga turli ko‘chatlarni ekishda viloyat faollari, professor-o‘qituvchilar, talaba yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Universitetning Namangan shahridagi Boburshoh dahasida joylashgan hududida foydalanish jarayonida kengligi jihatdan ehtiyojdan ziyod bo‘lgan asfalt yo‘laklarni ixchamlashtirish,  foydalanishga yaroqsiz toshloq yerlarni o‘zlashtirish asosida  1,8 gektar yer maydonida “Ekobog‘” bunyod qilinmoqda.

– Noodatiy bog‘imiz Amerika, Yevropa, Osiyo qit’alari hududida o‘sadigan 86 noyob turdagi 986 tup daraxt va butalarni, shuningdek, 1000 dan ortiq manzarali gullarni o‘z ichiga oladi, – deydi Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov. – Ekobog‘ga ekilgan daraxt, buta va gullar raqamlashtirish asosida “QR” kod bilan belgilangan bo‘lib, shu kod orqali daraxt, buta yoki gulning nomini, uning vatani, o‘ziga xos biologik xususiyatlari hamda kim tomonidan qachon ekilgani haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin.

“Ekobog‘”ning yana bir e’tiborli jihati shundaki, bu joyda oliy o‘quv yurtining biotexnologiya fakulteti talabalari uchun  17 ta fandan tajriba-sinov va ochiq amaliy mashg‘ulotlarni uyushtirish uchun imkoniyat vujudga keladi. O‘z navbatida, ta’lim sifatini yanada oshirish, “Ekobog‘”dan manzarali o‘simliklarni yetishtirish va parvarishlashga oid ochiq tajriba uchastkasi sifatida foydalanish, ta’lim tashkilotlari – universitet innovatsion korporativ hamkorligi asosida maqsadli kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarda tabiatni asrab-avaylashga oid bilim-ko‘nikmalarni yanada shakllantirishga xizmat qiladi.  

Shuningdek, “Ekobog‘” hududida bioxilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish, o‘simliklarni biotexnologik usullar yordamida ko‘paytirishga ixtisoslashgan 125 o‘ringa mo‘ljallangan oltita o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriya xonasi hamda noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar kolleksiyasi ham tashkil etiladi.

Ta’kidlash lozimki, talabalar uchun 100 o‘rinlidan ikkita 200 o‘rinli ma’ruzalar zali, sakkizta amaliy mashg‘ulot uchun o‘quv auditoriyasi, o‘ndan ortiq o‘quv-yordamchi xona hamda universitetning kirish qismida murojaatlarni tezkorlik bilan ijobiy hal qilish va interaktiv xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “ofis registrator” ham yo‘lga qo‘yiladi.

Ommaviy hashar yakunida Namangan davlat universitetida 400 o‘rinli “Ma’naviyat va madaniyat markazi” binosini bunyod etish yuzasidan ham taqdimot o‘tkazildi. Markaz qurilishi o‘tgan yili moliyaviy mustaqillik natijasida 8,5 milliard so‘m daromad topgan universitetning ichki mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur madaniyat koshonasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida barpo qilinadi.

Mazkur markaz yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillash, to‘garaklarning samarali faoliyat yuritishiga erishish, talabalarning jadidlarning ilmiy merosidan xabardorligini, sa’nat va musiqaga bo‘lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

[gallery-16328]

O‘zida innovatsion g‘oyalarni, qurilishning zamonaviy usullarini mujassam etgan markazda san’atning bir necha turlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyat olib boradi. “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish uchun ham maxsus studiya bo‘ladi. Xullas, markazda talabalar ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratiladi.

E’tiborlisi shundaki, turli yo‘nalishlardagi tadbirlarni o‘tkazish uchun Markazni oltita xonaga ajratish imkoni yuzaga keladi. Katta konsert va anjumanlar uyushtirish zarurati paydo bo‘lganda esa, bir vaqtning o‘zida devorlar chetga surilib, ular o‘rnida transformatsion tarzda 400 o‘rinli muhtasham zal paydo bo‘ladi.

<iframe width="928" height="522" src="https://www.youtube.com/embed/EVGMOAi2nNs" title="Namanganda “Ekobogʻ” barpo etishga kirishildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari