English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda ehtiyojmand oilalar uyli bo‘ldi
16:45 / 2022-10-26

Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanidagi “Mustaqillikning besh yilligi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan ikkita besh qavatli 120 xonadonga mo‘ljallangan uylar foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2021 yil fevral oyida Namanganga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqqan holda, Respublikada birinchilardan bo‘lib, homiylik mablag‘lari asosida munitsipal uylar qurildi. Zamonaviy turar joylar kalitlari Namangan shahri, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlaridagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor, boshpanaga muhtoj, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand ayollarga tekin foydalanish huquqi bilan taqdim qilindi.

– Uch yil avval ko‘plab rahbarlarning e’tiboridan chetda qolgan, Namangan shahri markazidan 18 chaqirim olisda joylashgan mahallamizdagi bugungi o‘zgarishlardan dillar yayraydi, – deydi mehnat faxriysi Yusufjon Shokirov. – “Vatan – ostonadan boshlanadi”, deyishadi. Ostona qadrini yangi uyga ko‘chib o‘tganlar chin dildan his qilmoqda.

Er-xotin Erkinjon Rahimjonov va Zahro Qambarova gapirish va eshitishda imkoniyati cheklangan. To‘rt nafar farzandi bor bu oila shu paytgacha Namangan shahridagi Madaniy maorif mahallasidagi kichik bir hovlida uchta xo‘jalik bilan birga yashashiga to‘g‘ri kelgan. Viloyat hokimligi, Prezident xalq qabulxonasining sayyor qabullaridagi uy-joy bilan bog‘liq yo‘llagan murojaatlari ijobiy hal bo‘ldi. Ularning ko‘p yillik orzusi ushalib, shinamgina xonadonga ko‘chib o‘tdi.

Unda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA