Namanganda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan “Deputat ayollar klubi” tashkil etildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimida partiya mas’ul xodimlari va faollari, shahar, tuman va viloyat Kengashlari deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Partiya viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, Respublika Yoshlar parlamenti a’zosi Ahrorbek Akbarov, viloyat IIB huquqbuzarlik va profilaktika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Nasiba Turg‘unova, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Namangan viloyati hududiy markazi ijrochi direktori Nazira Raximjonova, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limi rahbari Ra’no Nuriddinovalar ayol deputatlarning jamiyatdagi o‘rni va ayni paytda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalari haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etish darkor, “Milliy tiklanish” partiyasining maslakdoshlari orasida deputat xotin-qizlar ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. “Uyma-uy”, “Xizmat-beminnat”, “Deputat qabulida” kabi loyihalar doirasida deputat ayollarning faolligi alohida e’tiborga molik.
bugungi kunda Namangan viloyatida O‘zMTDP tomonidan mahalliy Kengashlarga saylangan 15 nafar deputat ayol izchil faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yilning o‘zida deputat opa-singillarimiz o‘z hisobidan 189 million 275 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga sarfladi.
Xotin-qizlar muammolarini hal qilishda, ajrim masalalarini bartaraf etishda, qizlarni erta turmushga bermaslik, aliment undirish, nizoli oilalar bilan ishlashda deputat ayollarning fidokorona ishlashlari natijasida bu borada ijobiy natijalarga erishildi. Bunday sa’y-harakatlar davlat rahbariyati tomonidan munosib e’tirof etilib, viloyatdan besh nafar deputat ayol “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Deputat ayollar klubi”ning ish boshlashi esa partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar, muhim vazifalar ijrosini ta’minlashda o‘z samarasini berishi shubhasiz. Tadbir ishtirokchilari klub faoliyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Yil davomida faollik ko‘rsatgan deputatlarga partiyaning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
E’tiborlisi, “Deputat ayollar klubi”ning ilk qadami sifatida “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish viloyat hududiy markazi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA