Yangi yil bayrami munosabati bilan Namangan viloyatining Kosonsoy va Chust tumanida Davlat xizmatlari markazining filiallari ish boshladi.
Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish yo‘lida tuman, shahar markazidan olis manzillarda joylashgan hududlarda Davlat xizmatlari markazi (DXM) filiallari tashkil qilinib, aholiga yanada qulayliklar yaratilmoqda. Natijada esa viloyatning deyarli barcha tumanlarida filiallar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kosonsoy tumanidagi “Chindovul” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun 12 kilometr yo‘l bosib, tuman markaziga borishiga majbur bo‘lardi. Bu kabi ortiqcha qiyinchilik va ovoragarchiliklarning oldini olish, ayniqsa qishning sovug‘i va yozning jaziramasida yo‘l bosib qiynalgan aholiga qulaylik yaratish maqsadida DXM filiali mahallada ish boshladi.
Endilikda, nafaqat chindovulliklar balki, Uchqo‘rg‘on, Uzunqishloq, Iftixor, Soy Bo‘yi, Guzar, Bog‘ va yana oltita mahallada istiqomat qiluvchi 50 mingga yaqin aholi o‘ziga yaqin bo‘lgan hududda xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Chust tumanidagi Karkidon qishlog‘i tuman markazidan ancha uzoqda joylashgan. Qishloq ahli dehqonchilik va chorvachilikka mehr qo‘ygan. Uy yumushlaridan ortib, tuman Davlat xizmatlari markaziga borishga vaqt topa olmayotgan fuqarolar uchun o‘z hududida yangi ochilgan filial ayni muddao bo‘ldi. Endilikda, nafaqat Karkidon, balki unga yondosh bo‘lgan mahalla ahli ham davlat xizmatlariga ehtiyoj sezsa, shundoqqina mahalla guzarida ish boshlagan filialga bemalol murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunga kelib, Namangan viloyati shahar va tumanlarining chekka hududlarida tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazi filiallari soni 17 taga yetkazildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA