Namanganda "Yuksalish" umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ishtirokida viloyatda Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi Jamoatchilik guruhining Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 25 aprelda qabul qilingan “2022-2026 yillarda Namangan viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Yo‘l xaritasi” muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida aholini davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mahalliy byudjet mablag‘larini aholi fikri asosida sarflash bo‘yicha tashabbusli byudjet loyihasini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish lozimligi belgilandi. Bu kabi islohotlarni jadal davom ettirish uchun shu yil 28 yanvarda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida "Yuksalish" umummilliy harakati va uning hududiy bo‘linmalari huzurida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tashkil etish rejalashtirildi. Jumladan, 2022 yil mart oyida Namangan viloyatida ham Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlovchi Jamoatchilik guruhi tuzildi.
– Jamoatchilik guruhining asosiy vazifasi Taraqqiyot strategiyasining maqsadlari va 2022 yil "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla" yili Davlat dasturining hududlarda bajarilishini tizimli ravishda monitoring qilish, natijalarini jamoatchilik eshituvlari orqali muhokama qilib borish, uni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqarish hamda muqobil baholab borishdan iborat, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi raisi Nargiza Muhammadiyeva. – Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi yuzasidan Namangan viloyatining hududiy dasturi 72 banddan iborat bo‘lib, hozirga qadar viloyat Jamoatchilik guruhi tomonidan yigirmaga yaqin monitoring ishlari amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasi qarorining “yo‘l xaritasi”da belgilangan 89 ta banddan 2022 yil 1 sentyabr holatiga muddati yetgan 38 ta bandida 55 ta vazifa belgilangan bo‘lib, shunda nazarda tutilgan 35 ta banddagi vazifalar ijrosi ta’minlangan. “Yo‘l xaritasi”ning 53 bandi qisman bajarilgan, ya’ni 1-vazifasi bajarilgan, 2-vazifasi bajarilmagan.
Yig‘ilishda “Yuksalish” umummilliy harakati ekspertlari, Jamoatchilik guruhi a’zolari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazi, viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari Namangan viloyatida toza ichimlik suvi, elektr ta’minoti, maktabgacha ta’lim, kichik sanoat zonalaridagi ishchi o‘rinlari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar masalalaridagi muammolar, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA