Yangi Namangan tumanidagi “Yoshlik baraka” bozori har doimgidanda gavjumlashib, minglab chorva va parranda shinavandalarini o‘ziga rom etdi. An’anaga aylanib borayotgan “Xalqaro zotdor chorva hayvonlari va parrandalar ko‘rgazmasi” uchinchi marotaba ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi.
Barchada katta qiziqish uyg‘otgan tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda mamlakatimizda turizm rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli xalqaro miqyosdagi tadbirlar soni ortib borayotganini e’tirof etdi. Mazkur an’naviy ko‘rgazma ham nafaqat mahsulot yoki hayvon zotlari namoyishi, balki rivojlanish strategiyasi, kelajak rejalari, hamkorlik istiqbollarining muhim maydoni ekanligini aytdi.
Qayd etish joiz, shu yilning o‘zida Namangan viloyatida qoramollar bosh soni 12,1 foizga, qo‘y va echkilar 11,4 foizga, parrandalar esa 44,3 foizga ko‘paygan. Ayniqsa, sohada naslchilikka alohida e’tibor qaratilayotgani o‘z natijasini bermoqda. Ushbu raqamlar ko‘rgazmada ham o‘z isbotini topdi. Yuzdan ziyod zotdor ot, tuya va qoramollar, noyob qo‘y va echki turlari, parrandalar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Ishtirokchilar taqdim etayotgan jonivorlar orasida 70 ming dollar turadigan uloqchi ot, 5 ming dollarga baholangan Arashan zotli qo‘ylar hammavjud.
[gallery-26462]
Xalqaro festival darajasiga ko‘tarilgan ushbu tadbirda qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi va Tojikistondan ham bir guruh soha vakillari ishtirok etdi. Ko‘rgazma yakunida, faol qatnashchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilib, viloyat hokimligi, turizm boshqarmasi tomonidan munosib taqdirlandi.
Tadbir mehmonlar uchun nafaqat ko‘rgazma, balki bilim va tajriba almashish maydoniga aylandi. Chorvachilikning zamonaviy texnologiyalari, naslni yaxshilash va iqtisodiy samaradorlik bo‘yicha foydali ma’lumotlar taqdim etildi.
Bir so‘z bilan aytganda, uchinchi “Xalqaro zotdor chorva hayvonlari va parrandalar ko‘rgazmasi”ga qiziquvchilar soni yil sayin ortib, ko‘rgazma Namanganning o‘ziga xos brendlaridan biriga aylanmoqda. Bu o‘z navbatida, qishloq xo‘jaligining chorvachilik hamda parrandachilik tarmoqlarida hamkorlik va tajriba almashishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.