French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Namanganda boshqaruv tuzilmalarini maqbullashtirish ishlari boshlandi
20:58 / 2022-12-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘pligi, keraksiz shtatlar borligi, markazlashuv yuqoriligini, oqibatda bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanayotganini qayd etgan edi.

Uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan va chuqur tahlil qilingan ushbu islohotlarni hayotga joriy etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz hayotida tarixiy ahamiyatga ega hujjat – “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qaror imzolandi.

Namangan viloyatida ham mazkur islohotlarning mantiqiy davomi - natijadorlikka yo‘naltirilgan ixcham va professional davlat boshqaruvi tizimini yaratish maqsadida viloyat hokimligi tizimidagi tuzilmalar, ulardagi mavjud shtat birliklari va ish faoliyati tahlil qilindi.

Viloyat hokimining 2022 yil 29 dekabrdagi tegishli qaroriga asosan, hokimlik huzuridagi va davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan quyidagi 11 ta tashkilot faoliyati tugatilishi belgilandi:

– “Axsikent” arxeologiya merosi ob’ektini tashkil etish, qayta tiklash va rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va uning faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maxsus jamg‘armasi;

– Namangan viloyati salohiyatini targ‘ib etish Media departamenti;

– “Namangan viloyati issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi qoshidagi “Issiqlik texnika markazi” unitar korxonasi;

– Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Namangan shahridagi ziyoratgohlar muqaddas qadamjolar va tarixiy obidalarni saqlash obodonlashtirish va boshqarish bo‘yicha yagona direksiyasi;

– Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish jamg‘armasi;

– “Hyunday motor uz Namangan” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona;

– Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmuasini boshqarish maxsus markazi;

– Yangiqo‘rg‘on tumani “Nanay” qishlog‘ini ekoturizm markaziga aylantirish, dam olish maskanlari bino-inshootlaridan foydalanish va ular faoliyatini muvofiqlashtirish direksiyasi;

– Namangan viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi;

– Namangan viloyati maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limi davlat muassasasi;

– Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish markazi” davlat muassasasi.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, davlat tashkilotlari sonini maqbullashtirish va shtatlar sonini tanqidiy tahlil qilish orqali davlat byudjeti mablag‘lari ham tejaladi. Islohotlar qat’iyat bilan davom ettiriladi. Yuqoridagi tashkilot va muassasalarni tugatish bo‘yicha alohida tugatish komissiyasi tuzilib, qonunchilikda belgilangan tartibda 2023 yil yanvar oyidan tugatish choralari ko‘riladi.

O‘zA