Respublika Bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh mutaxassislari mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami munosabati bilan Namangan viloyatida bo‘lib, “Bolalarga bering dunyoni!” shiori ostida salomatlik aksiyasini o‘tkazdi.
Markaz direktorining o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Feruz Hamidov boshchiligida nevrolog, urolog, umumiy va plastik jarroh, gemato-onkolog, ortoped, reanimatolog kabi mutaxassislar viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ishga kirishdi.

– Viloyatimizdan Toshkentda davolanish uchun navbatda turgan 291 nafar bolajonni sog‘lomlashtirish maqsadida zarur choralar ko‘rish dolzarb vazifamiz, – deydi Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Hoshimjon Saidqulov. – Poytaxtimizdan kelgan bir qator yuqori malakali mutaxassislar ikki kun davomida shu yerning o‘zida bemor jajjilarni yana bir bora chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni davolash choralarini ko‘rdi. Shifokorlar xulosasiga asosan ayrim bemor bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Ushbu xayrli tashabbus bir necha yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Ya’ni, bolalar salomatligini mustahkamlash choralari bilan bir qatorda, mahalliy tibbiyot xodimlariga mahorat saboqlari beriladi hamda yuqori texnologik amaliyotlarni birgalikda o‘tkazilgani bilan ahamiyat kasb etadi.

E’tiborlisi, Namangan va Toshkent shaharlaridagi markazlar o‘rtasida teleonlayn aloqa o‘rnatilgan bo‘lib, bemorlar muolajasi bo‘yicha zarur maslahat va tavsiyalar berilmoqda. Kechiktirilmasdan bolalarni davolash boshlab yuborildi. Asosiysi, sog‘lomlashtirish aksiyasi natijasida bemor bolalarning navbat kutishiga barham berish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar to‘la ishga solinadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.